Foto va Video

Jizzax viloyatida Perudagi Ink qabilasi davri bilan taqqoslanadigan qadimiy manzilgohlar topildi

22.02.2022 676

AQShdagi o‘zbekistonlik diplomatlar amerikalik olim Sent-Luisdagi (Missuri shtati) Vashington universitetining antropologiya professori Maykl Frachetti bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

AQSHning yetakchi arxeologiya professorlaridan biri, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevroosiyo boʻyicha tadqiqotchi Maykl Frachetti soʻnggi 25 yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarida arxeologik va tadqiqot ishlarini uzoq yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi bilan hamkorlikda olib bormoqda.

AQShning “National Geographic” milliy geografik jamiyati ko‘magida 2009-2011-yillarda Jizzax viloyatida bir qator loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, Malguzar togʻ tizmasi boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida tarixiy xarita tuzilib, 15 dan ortiq arxeologik obyektlar, shuningdek, Toshbuloq manzilgohida (eramizning IX-XI asrlari) – Buyuk ipak yo‘lidagi muhim nuqtalardan birida koʻchmanchi turmush tarzi va urbanizatsiya mavjudligini tasdiqlovchi dalillar topildi.

Amerikalik olim Toshbuloq aholi punktida geofizik radar yordamida 10 gektar maydonda yer ostida 2 metr balandlikda saqlangan arxeologik yodgorlik binolarining raqamli xaritasi ishlab chiqilganini ta’kidladi. Aholi manzilgohi zich qurilgan bo‘lib, devorlarining poydevori yog‘ochdan yasalgan.

Olimning fikricha, bularning barchasi dengiz sathidan qariyb 2000 metr balandlikda joylashgan ushbu tarixiy maskan Perudagi sirli Inklar shahri – Machu-Pikchu bilan birga Buyuk Ipak yo‘lining muhim manzilgohlaridan biri bo‘lganidan dalolat beradi.

Hududda olib borilgan izlanishlar natijasida IX asrga oid qabristonlar aniqlangan, bu esa hududning islomiy shahar bo‘lganligini tasdiqlaydi. Qariyb 4 asr davomida yashab kelgan aholi punkti Chingizxon tomonidan ushbu hududlarni bosib olishdan oldin, hatto shahar mavjudligi haqidagi qo‘l yozma va boshqa manbalarni ham qoldirmay yo‘q bo‘lib ketgan.

Toshbuloq yaqinida olib borilgan qazishmalar davomida arxeologlar yana bir yirik shahar – Tugunbuloqni ham topdilar, uning maydoni taxminan 200 gektarni tashkil etadi, bu avvalroq topilgan ma’lumotlardan 10 barobar ko‘pdir. Ayni paytda bu misli ko‘rilmagan tarixiy obidani o‘rganish va qazish ishlari haligacha amalga oshirilmagan, chunki keng ko‘lamli tadqiqotlar uchun mablag‘ izlash davom etmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun taxminan 10-15 yil kerak bo‘lishi mumkin. Ushbu qadimiy manzilgoh sirtini dastlabki oʻrganish natijasida koʻplab sopol buyumlar parchalari, Tugunbuloqni oʻrab turgan binolar devori, koʻchalar va mudofaa inshootlari qoldiqlari aniqlangan.

Maykl Frachettining aytishicha, Toshbuloq va Tugunbuloq Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasi bo‘lgan. Bundan tashqari, shaharlar misolida ularning global urbanizm va savdo rivojlanishidagi muhim roli yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi.

O‘zbekistonlik diplomatlar va olimlar bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonda Tugunbuloq aholi punktida professional dron yordamida butun shaharning lazer xaritasini yaratish, arxeologik inshootlarni geofizik skanerlash (LiDAR lazer xarita texnologiyasi), yer ostida joylashgan va shaharning piramidal qal'alarini qazishmalar orqali o‘rganish bo‘yicha dala ishlari bilan qo‘shimcha tadqiqotlar olib borishga kelishib olindi. Jizzax viloyatidagi kelgusidagi tadqiqotlar qisman AQSh Milliy Geografiya Jamiyati “National Geographic” tomonidan moliyalashtiriladi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing