Foto va Video

Lazgi raqsi - Xorazm folklorining yuragi

11115

Bir kuni, kechqurungi ziyofatdan so‘ng Xorazm shohi unga raqs tushib berishlari uchun xotinlari va kanizaklarini to‘pladi. Xotinlari orasida u tabiiy nafislik, raqs bilan sehrlash qobiliyatini ajratib ko‘rsatgan bittasini tanladi. Qolgan xotinlar esa go‘zalning soyasida qolishni xohlamadilar. Raqibalardan biri raqs paytida uning oyoqlari ostiga munchoqlar va shirinliklarni tashladi. Sevimli xotin sirpanib yiqildi va oyog‘ini sindirib oldi. Sevgilisini ranjitmaslik uchun u qo‘l barmoqlarini yoyib raqsga tushdi. Shoh juda xursand bo‘lib, ayolning g‘alati harakatlarini yangi raqs deb qabul qildi. Shunday qilib, rivoyatlarga ko‘ra, xorazmcha "Lazgi" raqsi uchun o‘ziga xos uslub – “qo‘llar va oyoqlarning "singan" harakatlari" paydo bo‘ldi.

Afsonaviy "Lazgi" Xorazm raqsi bu nafaqat raqs, balki his-tuyg‘ularni, hissiyotlarni, dunyoni anglashni ifoda etishning o‘ziga xos uslubi, odamlarning ruhiyatidir. "Lazgi" harakatlarining o‘ziga xos xususiyati - bu yarim bukilgan oyoqlar, yelkalar va qo‘llar salgina silkinishining ustunligi, qo‘llarning "tebranadigan" harakatlari, oyoqlar bilan o‘ziga xos harakatlar hamda bo‘yin va boshning o‘ngdan chapga va chapdan o‘ngga mashhur harakatlanishidir. Xorazm raqsini ijro etish paytida yuz ifodalari nihoyatda ta’sirchan va hissiyotli ko‘rinish oladi.


Raqs liboslari ham g‘ayrioddiyligi bilan ajralib turadi. Xorazm erkaklar raqs libosining ajralmas qismi bu qo‘pol mo‘ynali qalpoq bo‘lsa, ayollarning bosh kiyimi, aksincha, juda nafisdir. Raqqosalarning liboslari doim ko‘plab tangalar bilan bezatilgan bo‘ladi.

Bizning davrimizga kelib, afsonaviy o‘zbek raqqosalari Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva va Gavhar Matyoqubova har bir harakatga sayqal bergan holda, Xorazm xalq raqslarini mukammallikka olib keldilar va shu bilan jahon sahnasini zabt etdilar.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Gavhar Matyoqubovaning jamlanmasida “Xorazm” ansambli arxividan ko‘plab qiziqarli hujjatlar mavjud bo‘lib, ular u tomonidan yaqinda nashr etilgan va Lazgi raqsining rivojlanish tarixi haqida bebaho materiallar to‘plangan "Xorazm raqsi tarixi" kitobiga asos bo‘lib xizmat qildi. 2019-yil 12-dekabrda afsonaviy Lazgi raqsi O‘zbekiston madaniy merosining elementi sifatida YUNESKOning insoniyatning nomoddiy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida YUNESKOning nomoddiy merosni saqlash bo‘yicha Hukumatlararo Assambleyasida ushbu masala yuzasidan rezolyutsiya qabul qilindi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring