Foto va Video

O‘zbekiston Janubiy Koreyada o‘tkazilayotgan “SITF 2024” turistik yarmarkasida ishtirok etmoqda

10.05.2024 184

Oʻzbekiston delegatsiyasi 2024-yilning 9-12-may kunlari butun dunyo boʻylab turoperatorlar va turistik agentliklar, xalqaro aviakompaniyalar, turizm boʻyicha milliy va mintaqaviy sayyohlik kengashlari, viloyat turizm boshqarmalari, yirik mehmonxona komplekslari va sanatoriylar vakillari hamda turizm sohasining boshqa mutaxassislarini birlashtirgan Osiyo mintaqasidagi eng yirik turizm yarmarkalaridan biri boʻlgan “SITF 2024” (Seul xalqaro turizm yarmarkasi)da ishtirok etmoqda.

Seuldagi “COEX” konferensiya markazida 70 mamlakatdan turizm va turdosh sohalardan 800 dan ortiq eksponentlar o‘z stendlari bilan ishtirok etmoqdalar.

O‘zbekiston stendi Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, yarmarkada “Uzbekistan Airways” AJ, Xorazm va Buxoro viloyatlari turizm boshqarmalari, shuningdek, turistik agentliklar va “O‘zbekiston” mehmonxonasi ishtirok etmoqda.

Xalqaro yarmarka kunlarida delegatsiyamiz aʼzolari yangi turistik mahsulotlarni namoyish etadilar, shu bilan birga, tashrif buyurganlarga joriy yilning noyabr oyida boʻlib oʻtadigan TXTY-2024 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish imkoniyatlari haqida ma’lumot beradilar. Shuningdek, yarmarka ishtirokchilari va mehmonlari mamlakatimizning an’analari, urf-odatlari, boy madaniyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan O‘zbekistonning turizm salohiyatini xorijda targ‘ib qilish va mamlakatimizga turistlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Bugun “SITF 2024” doirasida Mo‘g‘uliston, Gretsiya, Ispaniya, Misr, Seyshel orollari, Indoneziya, Turkiya kabi bir qancha mamlakatlarning turizm sohasi vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun: 

“SITF 2024” – Koreya butunjahon turizm yarmarkasi (KOTFA) oʻzining 38 yillik tarixi bilan birga Koreyadagi eng yirik xalqaro turizm yarmarkasi boʻlib, oʻz turistik resurslari va madaniyatini targʻib qilish maqsadida 70 ta davlatni birlashtiradi. “SITF 2024” ko‘rgazmasiga har yili 50 mingdan ortiq mehmonlar va turizm sohasi vakillari tashrif buyuradilar.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing