Foto va Video

O'zbekiston Rossiyaning "Путешествуй!" nomli forumining hamkori

22.07.2022 824

4-7-avgust kunlari Moskvada ВДНХ Sanoat maydonida boʻlib oʻtadigan “Путешествуй!” Xalqaro turistik forumida Oʻzbekiston hamkor mamlakat sifatida ishtirok etadi.  Bu voqelik zamonaviy turizm sanoatining barcha turlariga bag‘ishlangan yangi avlod tadbiridir. 

“Biz forum tashkilotchilari sifatida bu yil O‘zbekiston hamkor davlat ekanligidan faxrlanamiz.  Bu boy tarixga va qadimiy meʼmoriy obidalarga ega mamlakatdir.  So‘nggi yillarda ko‘plab rossiyaliklar ushbu sayyohlik yo‘nalishini kashf qilmoqdalar va bu yo‘nalish tobora ommalashib bormoqda.   Forum mehmonlari O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari, sayyohlik yo‘nalishlari, infratuzilmasi bilan tanishishlari, shuningdek, Toshkentning eng yaxshi oshpazlari tomonidan tayyorlangan palovdan tatib ko‘rishlari mumkin”, - xabar beradi Roskongress jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Vladimir Zatinayko. 

Tadbir Roskongress jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, hamkor tashkilotchilar Turizm federal agentligi (Rosturizm) va ВДНХ hisoblanadi.  Forum Rus Geografiya Jamiyati va Rossiya Turoperatorlari Assotsiatsiyasi (АТОР) ko‘magida bo‘lib o‘tadi. 

Forumda Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” Milliy aviakompaniyasi, “OʻZSHAROBSANOAT” AJ vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari va hunarmandlar bilan birgalikda, bir vaqtning o‘zida ikkita stendni taqdim etadi: biznes-stend hamda mamlakatimizning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stend. 

Biznes-stend 55-pavilyonda joylashtirilib, unda mamlakatimizning yangi manzillari va sayyohlik yo‘nalishlari namoyish etiladi.  Shuningdek, “Ipak yo‘li” Xalqaro turizm universiteti vakillari turizm sohasida ta’lim olish imkoniyatlari haqida so‘z yuritadilar. 

O‘z navbatida, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stend 55-pavilyonga tutash hududda joylashtiriladi.  Bu yerda Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan hunarmandlarning ishlari, oʻzbek milliy taomlari, sayyohlikning turli ko‘rinishlari haqida maʼlumotlar taqdim etiladi, shu bilan birga, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan sharoblar degustatsiyasi (tatib koʻrish marosimi) va hunarmandchilik buyumlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari tashkil etiladi. 

Shuningdek, forum doirasida Rossiya Federatsiyasi davlat tashkilotlari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazish, Rossiya turizm sanoati subyektlari bilan B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish hamda yalpi muhokama va konferentsiyalarda ishtirok etish rejalashtirilmoqda.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing