Sankt-Peterburgda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi ochildi

27.07.2021 191

Bugun 27-iyul kuni Sankt-Peterburg shahridagi “Lenpoligrafmash” Kongress-markazining ko‘rgazma zalida “MADE in UZBEKISTAN”Milliy ko‘rgazmasi o‘z faoliyatini boshladi.

Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburgdagi bosh konsulligi ko‘magida tashkil etildi.

Rossiya Federatsiyasi shaharlarida “Road show” formatida o‘tkazilayotgan “MADE in UZBEKISTAN” loyihasi respublikamizning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati, boy madaniy tarixiy merosi bilan yaqindan tanishish, davlat tuzilmalari va biznes hamjamiyati vakillari bilan bevosita muzokaralar olib borish, foydali shartnomalar tuzish imkonini beradi.

Ko‘rgazmani Sankt-Peterburgdagi tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Andrey Xlutkov va O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Alisher Babaev ochib berdi.

Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, “MADE in UZBEKISTAN”eksport mahsulotlarining milliy ko‘rgazmasi-milliy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqish, geografiyani kengaytirish va eksport hajmini oshirish, sifatli va raqobatbardosh eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati, mamlakatning investitsiya loyihalari uchun keng imkoniyatlar taqdimoti, O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi va turizmni rivojlantirish bilan keng tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston qurilish, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari (qandolatchilik mahsulotlari, non mahsulotlari, milliy Sharq shirinliklari, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari, sharbatlar, ichimliklar, poliz mahsulotlari, vino-aroq mahsulotlari), to‘qimachilik sanoati (paxta matolari, tabiiy ipakdan matolar, trikotaj, tikuv buyumlari, yuqori badiiy buyumlar to‘plami), charm-poyabzal sanoati (erkaklar, ayollar va bolalar teri poyabzallari, sumkalar, charm va galantereya mahsulotlari), farmatsevtika sanoati (dori vositalari va preparatlar, tibbiyot buyumlari) namoyish etilmoqda.

“MADE in UZBEKISTAN” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va Sport vazirligi stendida respublika xalq amaliy san’ati va sayyohlik salohiyati bo‘limi keng namoyish etildi.

Shuningdek, ko‘rgazmada biznes-uchrashuvlar, taqdimotlar, matbuot anjumanlari va kompaniyalar, uyushmalar, agentliklar, biznes va ommaviy axborot vositalari rahbarlari va yetakchi ekspertlar ishtirokidagi boshqa tadbirlar ham samarali amalga oshirilishi kutilmoqda.

Ko'rgazma 2021-yil 29-iyulgacha davom etadi.

Sharxlar

0

O‘z fikringizni qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Kirish orqali siz shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga rozilik bildirasiz

Shuningdek o‘qing