Veb-portalda texnik ishlar olib borilmoqda!

Toshkentda Bo‘stonliq tumanining turizm zonalarini kompleks rivojlantirish loyihasi taqdim etildi

03.02.2022 1641

Joriy yilning 1-fevral kuni Turizm va sport vazirligi binosida Bo‘stonliq tumanining turizm zonalarini kompleks rivojlantirish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda “Chorvoq” TRZ direksiyasi tomonidan Bo‘stonliq tumani hokimligi hamda Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda turizm hududini kompleks rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov, “Chorvoq” TRZ direksiyasi direktori o‘rinbosarlari Aziz Nagayev, Suna Park, Mansur Rahmatullayev, arxitektor Bobir Klichev, OAV vakillari va jamoat arboblari ishtirok etdi.

Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduxakimov ochib berdi:

“Bo‘stonliq tumani yuqori turistik, rekreatsion va tabiiy salohiyatga ega bo‘lib, to‘g‘ri rivojlanishi bir qator muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va investitsiyaviy o‘zgarishlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan Bo‘stonliq tumaniga, xususan uning barqaror rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda”.

Bosh vazir oʻrinbosari taʼkidlaganidek, Prezidentimiz tomonidan tegishli hujjatlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Boʻstonliq tumanida alohida boshqaruv tartibini joriy etish orqali turizmni rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va ““Chorvoq” erkin turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmonlari qabul qilindi. Loyihalashtirishda asosiy e’tibor Bo‘stonliqning noyob tabiiy salohiyatini saqlab qolishga qaratildi. Shu munosabat bilan “Chorvoq darvozasi” va “Yusufxona” hududlarida ekokarkas, jamoat joylarining barqaror tizimini yaratish va uglerod izi kam bo‘lgan transportni rivojlantirish koʻzda tutilgan. An’anaviy me’morchilikka alohida e’tibor qaratildi. Shunday qilib, “Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo‘jakent” hududida anʼanaviy togʻ qishlogʻining zamonaviy qiyofasi yaratiladi.

Tadbirda “Chorvoq” TRZ tarkibida “Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo‘jakent” va Yusufxonadan iborat ikkita tajriba-sinov hududni rivojlantirish bo‘yicha bosh reja va konsepsiyalar taqdim etildi. Ushbu hududlarni rivojlantirish loyihasi “Novaya Zemlya” loyiha-konsalting kompaniyasi (Rossiya Federatsiyasi) va “ARC” arxitektura byurosi (O‘zbekiston) hamda “ToshboshplanLITI” instituti DUK tomonidan bosh rejalarni batafsil rejalashtirish loyihalariga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirildi.

Tadbirda Fransiya hukumati moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro mavsumiy dam olish maskanidan iborat “Chimyon“ dam olish maskani loyihasi ham taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida, shuningdek Fransiya va O‘zbekistonning 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi doirasida “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro mavsumiy kurortini qurish loyihasini amalga oshirishga kelishib olindi.

Loyiha doirasida Chimyon togʻ tizmasi hududida 6,0 ming turizm joylariga moʻljallangan xalqaro darajadagi mavsumiy kurort qurish rejalashtirilgan. Loyiha, xususan 20 dan ortiq koʻngilochar yoʻnalishlar, osma yoʻllar (gondol va kreslo turgagi), turli attraksionlar (Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, summer/winter Tubing) va turli darajadagi va umumiy uzunligi 20 km boʻlgan 11 ta changʻi yoʻlakchalarini qurish ishlarini nazarda tutadi.

Chimyon turizm zonasi hududida 3 ta bekatlar bo‘lib, ularning eng yuqori qismi 3309 m balandlikda joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida osma yo‘ldan foydalanadigan eng baland nuqta hisoblanadi. Majmuaning bosh rejasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan.

“Beldirsoy-Chimyon-Nanay” loyihasi Fransiya g‘aznachiligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi. Loyihaga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 269 million AQSh dollarini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-sentabrdagi 559-son qaroriga muvofiq, MВK hududida joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, bunda ushbu kurort majmuasi hududida loyihalarni amalga oshirayotgan investorlar “Chorvoq” erkin turizm zonasi ishtirokchisi maqomiga ega bo‘ladilar.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing