Veb-portalda texnik ishlar olib borilmoqda!

Toshkentda O'zbekiston paralimpiya terma jamoasi kutib olindi

07.09.2021 792

6 sentabr kuni kechqurun poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etgan mamlakatimiz delegatsiyasi tantanali ravishda kutib olindi.


Murosasiz musobaqalarda jami 19 ta (8 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza) medalni qo‘lga kiritgan hamyurtlarimiz poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab sayr qilgach, mustaqillik bayrami arafasida ochilgan “Yangi O‘zbekiston” majmuasiga borishdi.

Bu yerda atletlarning yaqinlari, sport mutaxassislari, mashhur chempionlar, jamoatchilik vakillari kutib olishdi. Tokio-2020 qahramonlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayid, chempionning onasi Go‘zal Tojiboyeva, el sevgan san’atkorlar Yodgor Sa’diyev va Ra’no Shodiyeva samimiy tabriklab, ularning sha’niga hamdu sanolar aytishdi.

Paralimpiya chempionlari Uchqun Quronboyev va Guljanoy Naimova atletlar nomidan yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik izhor qilishdi va kelgusi musobaqalarda ham yurt sha’nini munosib himoya qilishga va’da berishdi.

Paralimpiya o‘yinlari qahramonlariga maxsus sovg‘alar topshirildi. Chempionlarning har biriga “Tahoe” avtomobili va Toshkent shahridan 3 xonali uy kalitlari taqdim etildi. Kumush medal egalarining har biriga “Traverse” avtomobili va poytaxtdan 2 xonali uy taqdim etildi. Bronza medali sohiblarining har biri “Traiblazer” avtomobili va Toshkentdan 1 xonalik uy egasiga aylanishdi. Shuningdek, medallar egalariga pul mukofotlari (mos ravishda 200, 100 va 50 ming AQSh dollari) topshirilishi eslatib o‘tildi.

 

Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov to‘planganlarga ajoyib qo‘shig‘ini tuhfa etgach, barcha birgalikda O‘zbekiston davlat madhiyasini kuyladi, samo uzra chempion va sovrindorlar sharafiga mushaklar sochildi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing