Foto va Video

Xivada “Lazgi” xalqaro raqs festivali boshlandi

27.04.2022 2265

Kecha, 26-aprel kuni Xivada “Lazgi” xalqaro raqs festivali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ichan qal’adagi “Ko‘hna ark” maydonida davlat va nodavlat tashkilotlar, diplomatik korpus rahbarlari, xorijlik sayyohlar, viloyat aholisi, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yorqin va rang-barang tadbir YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa hamkor idoralar hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi Abdujabbar Abduvaxitov qutlov so‘zi bilan chiqdi. U O‘zbekiston Prezidentining festival ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi.

“Mamlakatimizda ko‘p yillar davomida samarali faoliyat yuritib kelayotgan afsonaviy “Lazgi” ashula va raqs ansambli san’atkorlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda va ularga zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik Katta teatrida nemis rejissyorlari bilan ijodiy hamkorlikda sahnalashtirilgan balet spektakli tufayli lazgi raqsining qadimiy tarixi va jozibasi go‘zal badiiy talqinda ochib berilgan. Bu asar nafaqat mamlakatimiz tomoshabinlari, balki xorijlik san’at ixlosmandlari tomonidan ham katta qiziqish bilan qabul qilinmoqda. Joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marta Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivalining o‘tkazilishi ushbu noyob san’at turini asrab-avaylash va har tomonlama targ‘ib qilish, shu asnoda xalqaro madaniy aloqalarni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratishi shubhasiz.”

Festival ishtirokchilari orasida 30 ta davlatdan 190 dan ortiq raqs san’ati ustalari va ixlosmandlari, professional raqs jamoalari, san’atshunos olimlar, taniqli madaniyat arboblari tashrif buyurishgan.

26-30-aprel kunlari boʻlib oʻtadigan festivalning tanlov qismida 18 davlatdan 169 kishi ishtirok etadi. Tanlov ishtirokchilari 6 nafar professional ekspertdan iborat xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.

Keng miqyosdagi madaniy tadbir doirasida festival doirasida o‘tkaziladigan “O‘zbek milliy raqsining jahon raqs san’atidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda alohida o‘rin tutadi.

Festival 2022-yil 30-aprelgacha davom etadi

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing