Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Yevropada “Highlights of the Silk Road” doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma road-shou tadbirlari o‘tkazilmoqda

15.10.2025 112

“Milliy PR-markazi” davlat muassasasi va Ozarbayjon Turizm byurosi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida “Highlights of the Silk Road” loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Mazkur loyiha doirasida ikki davlat Yevropa mamlakatlarida sayyohlik kompaniyalari uchun qo‘shma road-shou tadbirlarini tashkil etmoqda.

Tashabbusning ilk tadbiri — road-shouning tantanali ochilish marosimi joriy yilning 13-oktyabr kuni Germaniyaning Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Germaniyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalari O‘zbekiston va Ozarbayjonning turizm salohiyati bilan tanishdi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi — ikki mamlakatning turizm resurslarini birlashtirgan holda ularni Markaziy Yevropa bozori uchun jozibador yo‘nalish sifatida targ‘ib etishdan iborat. Loyiha doirasida Xiva, Buxoro, Samarqand, Boku, Shamaxa va Sheki kabi Ipak yo‘lining tarixiy markazlariga e’tibor qaratilib, ularni yagona madaniy-tarixiy yo‘nalish sifatida namoyish etish rejalashtirilgan.

Delegatsiya tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va “Milliy PR-markazi” DM, shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ hamda “Versailles Travel LLC”, “Orient Mice DMC”, “Sanat Travel Experts JV”, “AROUNDCA LLC”, “Zamin DMC LLC”, “Anur Tour LLC”, “Bazaar Travel LLC” va “Asia Tour Elite” kompaniyalari vakillaridan iborat.

Tadbir ikki mamlakatning madaniy dasturi bilan yakunlandi.

"Highlights of the Silk Road" loyihasi Markaziy Yevropa shaharlarining boshqalarida ham namoyish etiladi.

Shuningdek, oʻqing