Madina Qosimboyeva respublikamizning an’anaviy kashtachilik san’atini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan taniqli hunarmand ayollardan biridir. U 24 yildan buyon kashtachilik bilan shug‘ullanib, “Shuhrat” medali sovrindori. Madina Qosimbayeva 2007-yildan “Hunarmand” uyushmasi, 2016-yildan esa O‘zbekiston Rassomlar, san'atshunoslar va xalq hunarmandlari uyushmasi a’zosi. Bugungi kunda u Toshkent kashtachilik anʼanalarini davom ettirayotgan yagona kashtachi boʻlib qolmoqda.
Iste’dodli hunarmandning mahsulotlari qiziqish uyg‘otib, milliy san’at namunasi sifatida mamlakatimiz va xorijiy san’at ixlosmandlari tomonidan olqishlanmoqda. Kashtachilik ustasi 2008-yilda “Dizayn va moda haftaligi” va “International Podium 2008” tanlovlarida go‘lib bo‘lgan. U 100 dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Hunarmand 2016-2019-yillarda “Rajasthan Heritage Week” (Hindiston) xalqaro festivali va “International Folk Art Market” (Santa-Fe, AQSH) xalqaro yarmarkalarida muntazam ishtirok etib kelgan. Madina Qosimbaeva 2023-yilda Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘rgazmaning Gran-prisini qo'lga kiritdi. Uning “Falakning gardishi yoxud bir kashtado‘z qissasi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi 2024-yil 8-martdan 5-maygacha Latviya poytaxti Riga shahrida bo‘lib o‘tdi. Uning ijodiy ishlari nafaqat O‘zbekistonda, balki Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, AQSh, Turkiya, Fransiya va MDH mamlakatlaridagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. Xususan, hunarmand tomonidan tikilgan ikkita O‘zbekiston kashtachilik anʼanalarini aks ettiruvchi choponlar 2023-yildan beri Britaniya muzeyining doimiy ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda.
Madina Qosimbaeva o‘zining ustalar maktabi va “Suzani by Kasimbaeva” nomli brendini yaratdi. O‘tgan yillar davomida u 500 dan ortiq talaba o‘qitdi, 40 dan ortiq xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Uning tashkilotchiligi, faolligi va tashabbuskorligi hunarmandlar, xalq orasida hurmat qozonish imkonini berdi.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh