Geoturizm turizm sohasida yangi yo‘nalish hisoblanadi. Ko‘pincha bu yo‘nalish sanoat turizmi tarkibiga kiritiladi. Qulay geografik va iqlimiy joylashuvi tufayli O‘zbekiston ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun juda yuqori salohiyatga ega.
Umuman olganda, O‘zbekiston hududining zamonaviy landshafti 1 milliard yil davomida shakllangan hamda bu ulkan davr oralig‘ida turli kosmogen va geologik jarayonlar sodir bo‘lgan. Kitob geologik milliy tabiat bog‘i (sobiq Kitob geologik qo‘riqxonasi) hududidagi qadimiy yer jinslarining namunalari, Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tizmalaridagi paleontografik kesiklar, Qoraqalpog‘iston hududidagi tosh o‘rmonlar va cho‘kindi jinslarning namunalari bunga guvohlik beradi.
Kitob geologik milliy tabiat bog‘i Zarafshon tizmasining janubi-g‘arbiy qismida, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Jindidaryo daryosining chap sohilida joylashgan. Ushbu ajoyib joyga kelgan sayyohlar qadimgi dunyoning sirlaridan voqif bo‘lishlari, yer yuzida hayot bosqichma-bosqich qanday shakllanganligini kuzatishlari mumkin. Bu haqda noyob stratigrafik bo‘limlarda uchratish mumkin bo‘lgan qadimiy dengiz hayvonlari va o‘simliklarning qazilma qoldiqlari ma’lumot beradi.
Hozirgi Kitob milliy geoparkining YUNESKO global geoparklari tarmog‘iga kiritilishi O‘zbekistonda geoturizmni rivojlantirish yo‘lidagi katta qadam bo‘ldi. 2020-yildan buyon sayyohlarni jalb qilish uchun parkda turli xil ekologik va geoturistik yo‘nalishlar ishlab chiqilmoqda.
Qoraqalpog‘istonning Orolbo‘yi hududida yana bir noyob geoturizm obyekti joylashgan. Bu Ustyurt platosining Sharqiy chinki bo‘lib, u yerda yirik suv havzalarining qurib qolishi natijasida noyob, salkam ertaknamo landshaftlarni tashkil etuvchi turli xil “haykaltaroshlik kompozitsiyalari” paydo bo‘ldi. Olimlarning fikriga ko‘ra, Ustyurt platosi bu joylarda kaynozoy erasining boshida va o‘rtalarida (21 million yil oldin) mavjud bo‘lgan qurib qolgan dengizning tubidir. Buni ohaktoshda qotib qolgan chig‘anoqlarning qoldiqlari tasdiqlaydi. Ko‘pincha aynan Ustyurt platosi Osiyo va Yevropani ajratib turadigan chegara deb yuritiladi. U Orol va Kaspiy dengizlari orasidagi ulkan hududlarni egallaydi va o‘ziga xos xususiyatga ega: chink - balandligi taxminan 150 metr bo‘lgan tik, chiqish qiyin bo‘lgan jarlik. Orol dengiziga qaragan Sharqiy chink balandligi 190 metrga yetadi.
Yerning geologik tarixi obyektlari bo‘ylab yanada qiziqarli sayohatlar Qoraqalpog‘istonning Jaraquduq darasidagi “tosh o‘rmonlar”ga uyushtirilishi mumkin. Ular Uchquduq – Nukus avtomobil yo‘li yaqinidagi Mingbuloq havzasi hududida joylashgan. Bu dunyo miqyosidagi noyob paleontologik yodgorlikdir. “Tosh o‘rmonlari”ni bu yerda taxminan 65 million yil oldin mavjud bo‘lgan o‘simliklarning toshga aylangan qoldiqlari tashkil qiladi. Ushbu manzilda dinozavrlarning toshga aylangan qoldiqlarini ochiq yuzada ko‘rish mumkin.
O‘zbekistondagi “tabiat mo‘jizalari” deb atalmish joylar orasida Navoiy yaqinidagi ajoyib chayqalib turuvchi “Sangijuman” toshi ham bor. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, uning vazni 300 tonnani tashkil etadi, ammo qiziq tomoni shundaki, hatto yosh bola ham uni bitta barmog‘i bilan chayqatishi mumkin.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun