Xavfsizlik va O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning o‘ziga xos jihatlari

O‘zbek amaliy san’ati mo‘jizasi – kashtachilik

6627

O‘zbek amaliy-bezak san’atining eng keng tarqalgan turlaridan biri badiiy kashtachilikdir. Mohir kashtado‘zlarning epchil qo‘llari aql bovar qilmas naqshlarni tartib bilan tikib, milliy hunarmandchilikning nafis asarini yaratadi.

Qadimdan hunarmand ayollar badiiy kashtachilik bilan qalblarni zabt etib kelganlar. Bu san’atning paydo bo‘lish tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi va o‘zbek xalqi madaniyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Kashtado‘zlarning ishlarida turmush tarzi, urf-odatlar, tabiatga bo‘lgan muhabbat aks etadi va bularning barchasi ijodiy tasavvur bilan texnik mahoratni uyg‘unlashtirish orqali vujudga keladi.

O‘zbekiston hududida badiiy kashtachilikning asosiy maktablari XVIII asr oxiri - XIX asr boshlarida oltita shaharda: Nurota, Samarqand, Shahrisabz, Toshkent, Farg‘ona va Buxoroda shakllangan. San’at XX asr boshlarida ayniqsa gullab-yashnagan, ammo bugungi kunda ham hunarmandchilik madaniyatning ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.

Kashtachilik juda xilma-xildir. Do‘ppilar nafis naqshlar bilan bezatiladi, ayollarning ko‘ylaklari va erkaklarning choponlariga kashta tushiriladi, o‘zbek xonadonlari so‘zana, palak (katta hajmdagi devoriy gilam) yoki pardalar bilan bezatiladi, ko‘rpa-to‘shaklar, o‘ymakor xontaxtalar va sandiqlar, shuningdek chaqaloqlar uchun beshiklarga ham nafis kashtalar tikilgan govrapo‘shlar yopiladi.

Har bir kashtado‘zning o‘ziga xos sirlari va e’tiqodlari mavjud. Masalan, kashta tikishni tugatayotganda, albatta, bitta gul tugallanmay qolishi kerak. Bu irimning ma’nosi shuki, hunarmand ayol yana ko‘plab buyumlar yaratsin va uzoq, baxtli umr ko‘rsin.

Buxorolik hunarmandlar o‘z buyumlarida “bosma”, “dol”, “iroqi” kabi chok turlaridan foydalanishni ma’qul ko‘radilar. Odatda, bunday matolar erkin chokli to‘qimalarga ega bo‘ladi. Qadim zamonlarda choponlarga alohida e’tibor qaratilgan. Ularning keng bichimi uy bekasining harakatlanishiga xalaqit bermagan, issiq yozda qulay va salqin bo‘lgan. Xususan, samarqandlik va buxorolik ayollar yengil, belga yopishib turuvchi “rumcha” deb ataluvchi libos kiyishni xush ko‘rishgan.

Kashta tikish jarayoniga tayyorgarlik alohida e’tiborga loyiqdir. Bu murakkab, barcha turdagi choklar va texnikani o‘rganishni talab qiladigan butun bir san’atdir. Kashtado‘zlar tikishdan avval naqsh g‘oyasini puxta o‘ylab chiqadilar.


Ma’lumki, har bir naqsh va tanlangan rangning o‘ziga xos ilohiy ma’nosi mavjud. Misol uchun, bodom uzoq umr va abadiylik ramzi, anor esa farovonlik va boylik timsoli sanaladi. Hasad va ko‘z tegishidan saqlanish uchun esa qalampirnusxa tasvirlar tushirilgan.

Har bir shakl bezagi ipak iplar bilan yaratiladi, takrorlanmaydi va atrofdagi naqshlar bilan uyg‘unlashadi - shunday qilib aql bovar qilmas darajadagi go‘zal tasvir paydo bo‘ladi. Naqshlar kashtado‘zning boy tasavvuri, ijodiy parvozi, mahorati va iste’dodini namoyon etadi.

O‘zbekistondagi Ipak yo‘lining “oltin shaharlari” bo‘ylab sayohat qilar ekansiz, nafaqat ajoyib me’morchilikdan, balki xalq amaliy san’atining haqiqiy durdonalaridan bahramand bo‘lib, boy madaniyatga oshno bo‘lishingiz mumkin.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring