O‘zbekcha go‘shtli suyuq taom – sho‘rva

109

Ispancha gaspacho, ruscha borshch, yaponcha ramen yoki gruzincha xarcho butun dunyoda mashhurdir. O‘zbek sho‘rvasi-chi? Bu taom O‘zbekistondagi barcha taomlar qirolidir! Foydali, to‘yimli, ishtahaochar, kelib chiqishi qadim zamonlarga borib taqaladigan ushbu ajoyib taom butun o‘zbek xalqining boy madaniyatini aks ettiradi. Sho‘rva o‘zbek milliy oshxonasining ajralmas qismidir. Sho‘rva ko‘p qaynagan va xushxo‘r bo‘lishi kerak. O‘zbeklarda: “Yaxshi go‘shtdan yaxshi sho‘rva chiqadi” degan naql bor, shuning uchun sho‘rva odatda qo‘y go‘shtidan tayyorlanadi. 

Sho‘rvaga solinadigan sabzavotlar vitaminlarini va o‘z ta’mini saqlab qolishi uchun katta bo‘laklarga bo‘linadi. Pishishga yaqin qolganda idishga ziravorlar, tuz va ko‘katlar qo‘shiladi. Klassik o‘zbekcha sho‘rva - shaffof qaynatmali mazali taom. Sovuq havoda sho‘rva ayniqsa yaxshi ketadi! Ma’lumki, Amir Temurning eng sevimli taomlari palov va qo‘y go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva bo‘lgan. Sho‘rva so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, “qaynatma” ma’nosini bildiradi. Abu Ali ibn Sino bu taomni shifobaxsh taom sifatida tilga olgan. 

Sho‘rvaning bir necha turlari bor, mamlakatning har bir hududida taomni turli xil masalliqlar va ziravorlar qo‘shib tayyorlash mumkin. Biz siz uchun ajoyib ta’mga ega beshta eng yaxshi sho‘rva turlarini to‘pladik.

1. Qaynatma sho‘rva – o‘zbek oshxonasining ajoyib taomidir. Bu juda foydali hisoblanadi, chunki go‘sht va sabzavotlar qovurilmaydi, lekin barcha foydali xususiyatlarini saqlab qolgan holda past olovda qaynatiladi. Piyoz, tomat pastasi, sarimsoq, go‘sht bo‘laklari, bulg‘or qalampiri, pomidor, kartoshka, sabzi, ko‘katlar yaxshi sho‘rva uchun muhim masalliqlardir.

2. Qovurma sho‘rva oʻzbek klassik oshxonasida barcha taomlar qiroli hisoblanadi. Sho‘rva hamma joyda tayyorlanadi, taomning asosi go‘sht va sabzavotlarni qovurishdir. Barcha umumiy ovqatlanish korxonalarida, har bir oilada sho‘rva menyudagi majburiy taom hisoblanadi.

3. Bedana sho‘rva - juda nafis taom. Sabzavot va bedana bilan qaynagan chiroyli sho‘rva umume’tirof etilgan tansiq taom hisoblanadi. Bedana go‘shti nozik ta’mga va o‘ziga xos tarkibga ega. Bu sho‘rva bolalar va kattalar uchun parhezbop taom hisoblanadi. Inson uchun juda ko‘p muhim va zarur elementlar manbayi sifatida tavsiya etiladi.

4. Dumg‘aza sho‘rva – mol dumi va sabzavotlardan tayyorlanadigan mazali o‘tkir sho‘rva. Shaffof qaynatma, barra sabzavotlar, og‘izda eriydigan mayin go‘sht taomga ilohiy maza bag‘ishlaydi. Ushbu taomni turli ko‘rinishda dasturxonga tortish mumkin. Ba’zida taom masalliqlari sho‘rvaning ichida tortiladi, ba’zida esa sho‘rva alohida tortiladi. Bu taomning hidi ishtahani qitiqlaydi va butun ko‘chaga tarqalib turadi.

5. Baliq sho‘rva – baliqdan tayyorlangan ajoyib sho‘rva. Bir tomondan, bu eng oddiylaridan biri, ammo, boshqa tomondan, betakror ta’mni yaratadigan o‘ziga xos texnologik sirlar va xususiyatlarga ega. Sho‘rvaning muhim tarkibiy qismlari - piyoz, sabzi, shirin va achchiq qalampir, pomidor, kartoshka, o‘tlar va, albatta, baliq. Bunda faqat chuchuk suv baliqlaridan foydalaniladi. Bular o‘zbek klassik taomi bo‘lgan sho‘rvaning barcha turlari emas. Ko‘p asrlik tarixga ega mazali taomnni tatib ko‘rish uchun O‘zbekistonga keling!

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring