O‘zbek teatri tarixi juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Dastlab bu O‘rta Osiyo hududida qadimgi davlatlar mavjud bo‘lgan vaqtda ellinizm davri san’atkorlarining chiqishlari bo‘lgan. Keyinchalik, ko‘cha artistlari, aktyorlar va qo‘g‘irchoq teatri ustalarining xalq og‘zaki ijodi namoyishlari paydo bo‘ldi. O‘zbek teatrida professional ijrochilar: masxarabozlar, qiziqchilar va baxshilar, maxsus aktyorlar va xalq qo‘shiqchilari faoliyat yuritgan.
1. Alisher Navoiy nomidagi Davlat katta teatri - me’morchilik va san’at durdonasi bo‘lib, 1939-yilda Toshkentda tashkil topgan va respublikaning bosh teatri sifatida e’tirof etilgan. 2012-2015-yillarda bu dargohda katta ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Teatr o‘zining yupqa devorli gumbazlari, zal devorlari va kuluarlarining barcha tekisliklarini to‘ldiruvchi interyerlarning o‘ymakor naqshlari bilan hayratga soladi. Teatr repertuarida jahon klassikasining durdonasi bo‘lgan spektakllar mavjud: J. Rossinining “Sevilyalik sartaroshi”, K. Xachaturyanning “Oppog‘oy va yetti gnom”, P. Chaykovskiyning “Shchelkunchik”, S. Prokofyevning “Romeo va Julyetta”, P. Chaykovskiyning “Uyqudagi go‘zal” va “Oqqush ko‘li”, K. Xachaturyanning “Spartak”, J. Bizening “Karmen”, L. Minkusning “Don Kixot” asarlari va boshqalar.

2. O‘zbek milliy drama teatri O‘zbekistondagi eng qadimiy professional teatrlardan biridir. U 1914-yilda poytaxtda tashkil etilgan. 2001-yilda bino rekonstruksiya qilindi, 2014-yilda esa teatr 100 yillik yubileyini tantanali ravishda nishonladi. Uning repertuaridan o‘zbek tilidagi eng qiziqarli spektakllar o‘rin olgan bo‘lib, O‘zbekiston mehmonlari uchun mamlakatimiz an’analari va urf-odatlarini namoyish etuvchi ajoyib musiqiy va raqs tomoshalari taklif etiladi.

3. Muqimiy nomidagi musiqali teatr Toshkentning eng qadimiy teatrlaridan biridir. 1939-yilda tashkil topgan teatr yetakchi o‘zbek musiqali drama teatri bo‘lgan. Uning 1943-yilda qurilgan binosi va o‘sha davrga oid mohirona bezatilgan interyerini biz hozir ham ko‘rishimiz mumkin. Teatrga tashrif buyurish o‘zbek xalqining boy madaniyati bilan tanishish imkonini beradi. Zero, uning repertuari o‘zbekistonliklarning o‘ziga xosligi va musiqiy iste’dodini juda yaxshi aks ettiradi.

4. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyat musiqali drama va komediya teatri 1919-yil 7-noyabrda ochilgan va buyuk shoir hamda sarkarda Bobur sharafiga nomlangan. Teatrning asoschisi mashhur dramaturg va shoir Hamza Hakimzoda Niyoziy bo‘lgan. Bugungi kunda teatrning go‘zal binosi Andijon shahrining markazida joylashgan.
5. Farg‘ona viloyat qo‘g‘irchoq teatri 1989-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Farg‘ona shahrida joylashgan. Teatr repertuari o‘zbek madaniyatining ma’naviy merosini va betakror qadriyatlarini aks ettiradi. Teatr afishasidan bolalar uchun klassik va zamonaviy spektakllar, musiqiy tomoshalar hamda bolalar tadbirlari o‘rin olgan.
6. M. Uyg‘ur nomidagi Surxondaryo viloyat musiqali drama va komediya teatri 1935-yil 26-aprelda tashkil topgan bo‘lib, o‘z ijodiy faoliyati davomida milliy va jahon dramasi asosida 300 dan ortiq spektaklni sahnalashtirgan. Teatr hamon tomoshabinlar qalbini zabt etishda davom etmoqda va respublikadagi eng qadimiy teatrlardan biri sanaladi.
7. Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat musiqa va drama teatri O‘zbekistondagi eng yirik teatrlardan biridir. Teatrga o‘zbek yozuvchisi va shoiri Hamid Olimjon nomi berilgan bo‘lib, u 1914-yil 15-yanvarda tashkil etilgan va O‘rta Osiyodagi eng qadimgi teatrlardan biri hisoblanadi.
8. Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri - Buxorodagi kichkintoylarning sevimli dam olish maskanlaridan biri. Teatr 1982-yil 1-oktyabrda tashkil etilgan. Rang-barang dekoratsiyalar, yorqin qo‘g‘irchoqlar va iste’dodli aktyorlar yosh tomoshabinlarni qo‘g‘irchoq san’atining sehrli olamiga olib kiradi. Teatr sahnasida san’at olamida allaqachon o‘z o‘rnini topgan spektakllarni ko‘rish mumkin.
9. Xorazm davlat qo‘g‘irchoq teatri XXI asrda “jonlangan” tarixning yorqin namunasidir. Qo‘g‘irchoq teatrida ko‘p asrlik an’analar va uslubni saqlab qolgan holda, qadimiy urf-odatlarni aks ettiruvchi, xalq og‘zaki ijodi afsonalarini hikoya qiluvchi spektakllar va dekoratsiyalarni ko‘rish mumkin. Ko‘pincha bunday rivoyatlarning bosh qahramoni xalqning sevimli qahramoni Xo‘ja Nasriddin bo‘ladi. Artistlar mustaqil ravishda spektakllarni sahnalashtiradilar va qo‘g‘irchoqlarni yasaydilar.
10. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri - qoraqalpoq madaniyati va tarixining haqiqiy xazinasidir. Teatr 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qoraqalpoq adabiyotining buyuk shoiri Berdaq nomi bilan atalgan. Teatr repertuaridan musiqali spektakllar, zamonaviy va klassik komediya hamda dramalar o‘rin olgan.
Izoh