Qo‘g‘irchoq tomoshalari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qadimiy an’ana hisoblanadi. O‘rta asrlarda gavjum va shovqin-suronli maydonlarda, yarmarkalar va xalq sayillarida oddiy xalq uchun qo‘g‘irchoq spektakllari uyushtirilardi. Shoshilinch yasalgan soddagina sahnalarda parda ortidan oddiy xalq hayoti, boylar va kambag‘allar, sevishganlarning sadoqati, do‘stlik va xiyonat haqidagi qisqa sahnalar namoyish etilardi.
O‘zbekistonda qo‘g‘irchoq teatri an’anasi miloddan avvalgi VI-IV asrlarga, Ahamoniylar hukmronligi davriga borib taqaladi. Biroq qo‘g‘irchoq teatri keng tarqalishi faqat XIV asrda, Amir Temur va temuriylar davrida ro‘y berdi. Asrlar davomida ipli va qo‘lqopli qo‘g‘irchoqlar ayniqsa mashhur bo‘lgan. Qo‘g‘irchoq tomoshalari bugungi kunda ham O‘zbekiston teatr san’atida o‘z o‘rnini saqlab kelmoqda.

O‘zbekistondagi zamonaviy qo‘g‘irchoq teatrlari orasida Xivada joylashgan Xorazm viloyati davlat qo‘g‘irchoq teatri o‘ziga xos jozibasi bilan ajralib turadi. Bu O‘zbekistondagi yagona qo‘g‘irchoq teatri bo‘lib, unda hamon o‘rta asrlardagi bozor tomoshalarining ruhini his qilish mumkin: dekoratsiyalar, qo‘g‘irchoqlar, syujetlar, aktyorlarning ijro uslubi bizni bir necha asrlar orqaga qaytaradi. Shu sababli Xiva qo‘g‘irchoq teatri nafaqat O‘zbekiston aholisi orasida, balki xorijlik tomoshabinlar tomonidan ham zo‘r qiziqish bilan kutib olinadi.
Jumladan, 2011-yilda teatr Bokuda bo‘lib o‘tgan Birinchi milliy qo‘g‘irchoq teatrlari festivalida “Xiva lazgisi” spektaklini namoyish etib, faxriy diplomga sazovor bo‘ldi. 2013-yil sentyabr oyi oxirida esa teatr Germaniyaning Darmshtadt va Frankfurt shaharlarida katta muvaffaqiyat bilan chiqish qildi.

Teatrning tashkil topish tarixi teatrning o‘zidek qiziqarli. Yigirma yil oldin Xivada qo‘g‘irchoq o‘yinlari to‘garagi faoliyat yuritgan. Mahalliy hokimiyatning qo‘llab-quvvatlashi tufayli 1993-yilda Ichan qal’adagi o‘tgan asrning 30-yillarida qurilgan tarixiy binoda Xorazm viloyatidagi birinchi va yagona, 289 o‘rinli qo‘g‘irchoq teatri ochildi. Uning birinchi truppasi sobiq to‘garak a’zolaridan tashkil topdi. Hozirgi teatr jamoasida 20 kishi bo‘lib, ular orasida iste’dodli yosh yigit-qizlar ham bor. Ular qo‘g‘irchoqbozlik mahoratini o‘zbek xalqining qadimiy ustoz-shogird an’anasi asosida o‘zlashtiradilar.

Artistlar nafaqat spektakl qo‘yadilar, balki o‘zlari dekoratsiya tayyorlaydilar, qo‘g‘irchoq va kiyim-kechak tikadilar, musiqa asboblarini chaladilar, raqsga tushadilar va qo‘shiq aytadilar. Teatr repertuarida 60 ga yaqin spektaklni o‘z ichiga olgan folklor va bolalar dasturlari mavjud. Eng mashhur spektakllar “Xiva lazgisi” va “Xon qabuli” bo‘lib, ko‘plab sahna asarlarining bosh qahramoni xalq sevgan Xo‘ja Nasriddindir. Spektakllar o‘zbek tilida namoyish etiladi, kelajakda ularni boshqa tillarga ham tarjima qilish rejalashtirilmoqda. Ammo o‘zbek tilida ham spektakllar tushunarli, syujetlari sodda va qiziqarli, aktyorlarning ijrosi shunchalik ifodali va ta’sirli-ki, hamma narsa so‘zsiz ham ma’lum.
Izoh