O‘zbekiston yetakchi xorijiy nashrlar reytingida: TIME, British Muslim Magazine, The Times!

1503

Yil boshidan buyon O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati jahonga mashhur bir qancha jurnal va internet portallarida e’tirof etildi! Ular orasida dunyodagi eng mashhur gazetalardan biri, Buyuk Britaniyadagi kundalik gazeta - The Times, Britaniyaning musulmonlar turmush tarzi haqidagi yetakchi jurnali - British Muslim Magazine va AQSHdagi eng mashhur haftalik jurnallardan biri - TIME bor.

Amerikaning Time jurnali nashri O‘zbekistonni 2022-yilning dunyodagi eng ulug‘vor 50 ta maskanlari qatoriga kiritdi. Shu kunlarda Time haftalik jurnali va axborot portali sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar haqida maqola chop etib, unda “Dunyodagi eng ulug‘vor maskanlar 2022” – 50 ta noodatiy sayyohlik yo‘nalishlarini taqdim etdi.

“Qadimiy yo‘l bo‘ylab sayr” – “Yangi dunyo”ning eng mashhur jurnali mamlakatimizning Ipak yo‘lidagi tarixiy joylarini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston haqida shunday yozadi. Jurnalga ko‘ra, O‘zbekistonga bir qancha omillar, xususan, “Afrosiyob” tezyurar poyezdlar tarmog‘i, shuningdek, Samarqanddagi ochiq kitobni eslatuvchi yangi aeroport terminali ancha afzallik bergan. Yangi terminalning ochilishi poytaxtimizdan YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlariga - Xiva, Buxoro, Samarqand kabi tarixiy shaharlarga sayohatlarni ancha soddalashtirdi.

640 gektar maydonda joylashgan va Samarqand eshkak eshish kanalini o‘z ichiga olgan Samarqand “Silk Road” sayyohlik markazining ochilishi nashr uchun eng muhim omili bo‘lganini ham ta’kidlash joiz. Shu yilning kuzida uning hududida birinchi “Ipak yo‘li” adabiy festivali bo‘lib o‘tadi.

Oʻzbekistondan tashqari, roʻyxatga Katta baryer rifi, Galapagos orollari, Seul, Marsel, Toronto, Kopengagen va dunyoning boshqa mashhur joylari kiritilgan.

Quyidagi havola orqali dunyodagi eng ajoyib joylarning toʻliq roʻyxatini koʻring:

https://time.com/collection/worlds-greatest-places-2022/

Britaniyaning mashhur British Muslim Magazine jurnali avvalroq O‘zbekistonning Ipak yo‘lidagi shaharlari tarixi va madaniyati haqida maqola e’lon qilgan edi. Maqolada Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlar yoritilgan.

“Agar sizni Ipak yoʻli qiziqtirsa, Oʻzbekiston uning eng muhim shaharlari bilan tanishish uchun ideal joy. Buxoro, Samarqand va Xiva savdogarlar uchun uchta asosiy to‘xtash joyi bo‘lib, har uchala shahar ham o‘sha davrlardagi muhtashamligining katta qismini saqlab qolgan. Ammo Ipak yo‘lining ta’siri tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonda topadigan yagona omil emas.

Buxoroning boy tarixi asosan maʼrifat va taʼlim bilan bogʻlangan. Oltin asrda butun dunyo musulmonlari uchun ibratli shaxs bo‘lgan Imom al-Buxoriy kabi allomaning yetishib chiqishi Buxoro shahri o‘z ravnaqining yuksak cho‘qqisiga chiqishiga turtki bo‘ldi.

Samarqand YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganligi sababli, bu yerga ulug‘vor me’morchilik, betakror madaniyat va boy tarixga baho berish uchun kelgan ko‘plab odamlarni o‘ziga jalb qiladi.

Xiva Ipak yoʻlidagi eng muhim shahar va savdo markazlaridan biri hisoblangan. Garchi bu shahar Ipak yo‘lidagi uchta yirik shaharlar orasida eng kam tashrif buyurilgan shahar bo‘lsa-da, bu yerga kelgan mehmonlar unutilmas xotiralar bilan qaytishadi.

“Shaharlar ming yillar avval, Buyuk Ipak yoʻli oʻz qudrati va farovonligining choʻqqisiga erishgan paytda barpo etilgan bo‘lsa-da, bu qadimiy manzillar vaqt sinoviga bardosh bera olgan,”, - yozadi The Times jurnali oʻz oʻquvchilarini ilhomlantirib.

Maqolada Ipak yo‘lidagi eng yaxshi 8 ta bekat haqida batafsil ma’lumot berilgan. Bularga Xiva, Sian (Xitoy), Marv (Turkmaniston), Samarqand, Ashxobod (Turkmaniston), Tehron (Eron), Buxoro va Olmaota shaharlari kiradi. Muallif O‘zbekistonni juda nafis va jozibali ta’riflab, o‘quvchilarni nafaqat respublikamiz, balki qo‘shni davlatlarning ham Ipak yo‘lida joylashgan tarixiy shaharlaridagi turli qiziqarli turistik dasturlarga chorlaydi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring