1. O‘zbekiston qo‘g‘irchoq teatri
Qo‘g‘irchoq tomoshalari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qadimiy an’ana sanaladi. O‘rta asrlarda gavjum maydonlarda yarmarkalar va xalq sayillari paytida oddiy xalq uchun qo‘g‘irchoq spektakllari namoyish etilgan. Shoshilinch qurilgan sodda sahnalarda oddiy xalq hayoti, boylar va kambag‘allar, sevishganlarning sadoqati, do‘stlik va xiyonat haqidagi kichik sahnalar ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda qo‘g‘irchoq teatri an’anasi miloddan avvalgi VI-IV asrlarga, Ahamoniylar hukmronligi davriga borib taqaladi. Biroq qo‘g‘irchoq teatri XIV asrda, Amir Temur va temuriylar davrida keng tarqalgan. Asrlar davomida, ayniqsa, ipli va qo‘lqopli qo‘g‘irchoqlar teatrlari ancha ommalashgan. Qo‘g‘irchoq tomoshalari bugungi kunda ham O‘zbekiston teatr san’atida o‘z o‘rniga ega.
O‘zbekistonning zamonaviy qo‘g‘irchoq teatrlari orasida Xivada joylashgan Xorazm viloyati davlat qo‘g‘irchoq teatri o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Bu O‘zbekistondagi yagona qo‘g‘irchoq teatri bo‘lib, unda hamon o‘rta asr bozor tomoshalarining ruhini his qilish mumkin: dekoratsiyalar, qo‘g‘irchoqlar, syujetlar, aktyorlarning ijro uslubi bizni bir necha asr ortga qaytaradi. Shu bois Xiva qo‘g‘irchoq teatri nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki chet ellik tomoshabinlar orasida ham katta shuhrat qozongan.

Jumladan, 2011-yilda teatr Bokuda bo‘lib o‘tgan Birinchi milliy qo‘g‘irchoq teatrlari festivalida “Xiva lazgisi” spektaklini namoyish etib, faxriy diplomga sazovor bo‘ldi. 2013-yil sentyabr oyining oxirida esa teatr jamoasi Germaniyaning Darmshtadt va Frankfurt shaharlarida katta muvaffaqiyat bilan chiqish qildi.
Teatrning tashkil topish tarixi ham juda qiziqarli. Yigirma yil oldin Xivada qo‘g‘irchoq tomoshalari to‘garagi faoliyat yuritgan. Mahalliy hokimiyatning qo‘llab-quvvatlashi tufayli 1993-yilda Ichanqal’adagi o‘tgan asrning 30-yillarida qurilgan tarixiy binoda Xorazm viloyatidagi birinchi va yagona 289 o‘rinli qo‘g‘irchoq teatri ochildi. Uning dastlabki truppasi sobiq to‘garak a’zolaridan tashkil topgan edi. Hozirgi teatr jamoasida 20 nafar xodim bo‘lib, ular orasida iqtidorli yoshlar ham bor. Ular qo‘g‘irchoqbozlik san’atini o‘zbeklarning qadimiy ustoz-shogird an’anasi asosida o‘rganmoqdalar.

Artistlar nafaqat spektakllarni sahnalashtiradilar, balki dekoratsiyalarni tayyorlaydilar, qo‘g‘irchoq va liboslar tikadilar, cholg‘u asboblarini chaladilar, raqs tushib qo‘shiq aytadilar. Teatr repertuarida 60 ga yaqin spektaklni o‘z ichiga olgan folklor va bolalar dasturlari mavjud. Eng mashhur spektakllar “Xiva lazgisi” va “Xon qabuli” bo‘lib, ko‘plab asarlarning bosh qahramoni xalq sevgan Xo‘ja Nasriddindir. Spektakllar o‘zbek tilida namoyish etiladi, ammo ularni boshqa tillarga ham tarjima qilish rejalashtirilmoqda. Aslida, o‘zbek tilidagi spektakllar ham tushunarli, syujetlari sodda va qiziqarli, aktyorlarning ijrosi shunchalik ifodaliki, hamma narsa so‘zsiz ham anglanarli bo‘ladi.
2. Farg‘ona viloyat qo‘g‘irchoq teatri 1989-yilda asos solingan bo‘lib, Farg‘ona shahrida joylashgan. Teatr repertuari o‘zbek madaniyatining ma’naviy merosini, betakror qadriyatlarini aks ettiradi. Teatr afishasida bolalar uchun klassik va zamonaviy spektakllar, musiqiy tomoshalar hamda bolalarga mo‘ljallangan tadbirlar o‘rin olgan.
3. Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri Buxorodagi kichkintoylarning sevimli dam olish maskanlaridan biridir. Teatr 1982-yil 1-oktyabrda tashkil topgan. Rang-barang dekoratsiyalar, yorqin qo‘g‘irchoqlar va iste’dodli aktyorlar yosh tomoshabinlarni qo‘g‘irchoq san’atining sehrli olamiga olib kiradi. Teatr sahnasida teatr san’ati dunyosida allaqachon tan olingan spektakllarni tomosha qilish mumkin.
4. Xorazm davlat qo‘g‘irchoq teatri XXI asrda “jonlangan” tarixning yorqin namunasidir. Qo‘g‘irchoq teatrida ko‘p asrlik an’analar va uslubni saqlab qolgan holda, qadimiy urf-odatlarni namoyish etuvchi, xalq og‘zaki ijodi afsonalari haqida hikoya qiluvchi spektakllar va dekoratsiyalarni ko‘rish mumkin. Ko‘pincha bunday rivoyatlarning bosh qahramoni xalqning sevimli qahramoni Xo‘ja Nasriddin bo‘ladi. Artistlar o‘zlari mustaqil ravishda spektakllarni sahnalashtiradilar va qo‘g‘irchoqlarni yasaydilar.
Izoh