O‘zbekistonning har bir shahri o‘ziga xos. Ularning har birida o‘zigagina tegishli bo‘lgan xususiyatlar va jihatlar mavjud. Darhaqiqat, biz borgan har bir shahar nimasi bilandir yodimizda qoladi. Toshkent - mazali noni bilan, Samarqand va Buxoro - moviy gumbazlari bilan, Xiva - qadimiy qal’alari bilan, Farg‘ona vodiysining shaharlari esa - mevali bog‘lari va ajoyib xalq amaliy san’ati buyumlari bilan.
Shular qatorida, Rishton ham doimo moviy rangdagi kulolchiligi bilan ajralib turadi. Rivoyatlarga ko‘ra, bu yerlarda sopol buyumlar ko‘p ming yillar oldin paydo bo‘lgan. Uni hatto Xitoy imperatorlari ham buyurtma qilishgan.
Bu yerda sopol idishlarni chidamliligi uchun yaxshi ko‘rishardi: bunday idishlardagi suv muzdek, taom esa uzoq vaqt issiq holda saqlangan. Yillar o‘tishi bilan sopol buyumlar takomillashib bordi: ko‘zalar o‘rnini chiroyli choynaklar egalladi, turli xil lagan, kosa va piyolalar keng ommalashdi.
Biroq hunarmand ustalarning o‘z ishiga bo‘lgan sadoqatigina o‘zgarishsiz qoldi.
Bir bo‘lak loy mohir ustaning qo‘lida haqiqiy san’at asariga aylanadi. Bu buyumlarda ortiqcha hech narsa yo‘q, nafis chiziqlar va hoshiyalar firuzarang bo‘yoq bilan uyg‘unlashib, go‘zal naqshlarga aylanadi, bu nafaqat san’atning o‘ziga, balki ularni o‘rab turgan maftunkor tabiatga bo‘lgan muhabbatni ham aks ettiradi.
Rishton kulolchiligining o‘ziga xosligi va betakrorligi ham aynan shunda. Masalan, bo‘yoqlar va sir, ko‘p asrlar avval bo‘lgani kabi, bugungi kunda ham ma’lum bir tog‘li hududda o‘sadigan maxsus o‘tlardan tayyorlanadi. Shu sababli bo‘yoq qatlami vaqt o‘tishi bilan namlik va quyosh nurlari ta’sirida xiralashmaydi va uzoq vaqt davomida o‘zining yorqin va to‘q rangini saqlab qoladi.
Rishton kulolchiligining asosiy siri nimada? Ehtimol, har bir usta o‘z buyumini yaratayotganda unga qalb qo‘rini bag‘ishlashidadir. Keksa ustalar aytganidek, “sandon oldiga yomon xayol bilan kelma, ishing o‘xshamay qoladi”. Zero, har bir buyum go‘dak kabi e’tibor, g‘amxo‘rlik va pokiza qalbni talab qiladi.
An’analarga sodiq qolgan holda, bugungi kunda ham Rishton ustalari qadimda bo‘lgani kabi “do‘kon” - uy ustaxonalarida ishlaydilar, o‘z ijod namunalarini ulkan tandir ko‘rinishidagi pechda pishiradilar va o‘z mahorat sirlarini yosh avlod ustalariga o‘rgatadilar.
Bugungi kunda Rishton kulolchiligi nafaqat san’at asari, balki uning egalari uchun tumordir ham. Chunki naqshdagi har bir rasm va bezak ma’lum ma’noga ega bo‘lib, hatto insonni yomon ko‘zdan asraydi.
Zamonaviy Farg‘ona - iqtisodiyoti va madaniyati rivojlangan yirik sanoat markazi. Bu yerda amaliy sanʼat, sheʼriy adabiyot va taʼlim anʼanalari saqlanib qolgan. Bunga misol tariqasida Rishton tumanida joylashgan, usta-shogird an'analariga asoslangan va 20 dan ortiq hunarmandchilik ustaxonalari mavjud bo'lgan "Hunarmandlar markazi" hamda u yerdagi "Rishton an'anaviy kulolchilik tarixi muzeyi" sizni albatta lol qoldiradi.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh