Foto va Video

Tarix iplari, oltin urf-odatlar: Qadimiy Buxoroda hunarmandchilik bayrami

2435

Ehtimol, chet ellik kishiga O‘zbekistonda madaniyat va san’at festivallari haddan tashqari ko‘p bo‘lib tuyulishi mumkin. Ayniqsa, bahor oylari bunday tadbirlarga boy. Har bir festivalga katta miqdordagi mablag‘ sarflanadi, ishtirokchilar soni esa yuzlarcha bo‘ladi.

Bu fikr noto‘g‘ri. Birinchidan, bayram hech qachon ko‘plik qilmaydi. Ikkinchidan, har bir hudud o‘zigagina xos an’analari, tarixiy rivojlanish xususiyatlariga ega: U Xorazmmi, Farg‘ona vodiysimi, Surxondaryo vohasimi yoki ertaknamo Buxoromi, har bir zamin o‘z bag‘rida dunyoga namoyish etishga munosib boyliklarini saqlaydi.

21-25-may kunlari Buxoroda 1-Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbir birinchi marta bo‘lib o‘tayotganligiga qaramay, juda ko‘p mehmonlar va ishtirokchilarni to‘play oldi.

Festival O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 29-avgustdagi tegishli qarori bilan tashkillashtirilgan bo‘lib, Ipak yo‘lidagi eng qadimiy san’at va madaniyat markazlaridan birining hunarmandchilik an’analarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Festival O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, Respublika “Hunarmand”uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi, u xorijlik mehmonlar orasida mashhurlikka erishgan Silk and Spices (Ipak va ziravorlar) festivali bilan almashinib, har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

Yaqinda mazkur festivalning faxriy mehmoni va hakamlar hay’ati a’zosi, Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Kaddumiy Buxoro “Hunarmandlar shahri” nufuzli unvoniga sazovor bo‘lganini ma’lum qildi. Bunday maqomni respublikada birinchi bo‘lib Qo‘qon shahri olgan edi. Bu esa shunday keng ko‘lamli va qiziqarli voqealarga boy tadbirning o‘tkazilishiga asosiy sabab bo‘ldi.

Ma’lumki, Buxoro zardo‘zlik san’atining poytaxti bo‘lib, buxorolik hunarmand ayollarning yaratgan asarlari milliy brend hisoblanadi. ( Mashhur yulduzlarga zarrin naqshli durdonalar beriladi: masalan, Ronalduning buxorocha zarbof chopondagi mashhur suratlarini eslang). Buxoro butun tarixi davomida hunarmandlar shahri bo‘lgan: har bir mahallada tor doiradagi mutaxassislar o‘rnashib, asrlar davomida ma’lum uy-ro‘zg‘or buyumlarini yasaganlar, ajdodlar an’analarini saqlagan holda, savdo aloqalarini rivojlantirganlar. Shunday qilib, zargarlar, zardo‘zlar va kashtado‘zlarning avlodlari o‘z shahrini dunyoga tanitdilar. Bugungi kunda Buxoro faqatgina har qanday sayyohlik marshrutining markaziy nuqtasigina emas. Chet elliklar bu yerga kelib, bir necha haftaga, baʼzan esa osoyishtalik aurasi va buyuk shaharning qadimiy devorlari nafasiga maftun boʻlib, bir umrga qolib ketishadi.

Keksalar aytadilar: biz millatga bo‘lingan emasmiz, hammamiz buxoriymiz. Axir, bu ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan axborot texnologiyalari va kosmik turizm olamida davom etayotgan an'anadir.

Eski shaharda u yer-bu yerda rus, o‘zbek, fransuz, nemis tillari aralashgan tojik tilidagi nutqni eshitish mumkin... Buxoro yahudiylarining tarixiy mahallasida eski ibodatxona bor, u yerga Isroildan mehmonlar va ko‘plab sayyohlar kelishadi. Do‘konlarda siz dunyoning ko‘plab tillaridagi kitoblarni topishingiz mumkin. Festivalga hatto Laos va Janubiy Amerikadan ham hunarmandlar kelishdi!

“Mana, men ko‘rgan eng ochiqko‘ngil va mehribon odamlar!”, - deydi avstraliyalik mehmon Enn Dileyni. "Men oilaviy mehmon uyida yashayman, xonadon egalari bilan umumiy stolda ovqatlanaman va juda ko‘p his-tuyg'ularga egaman! Buxoro madaniyatini bir-ikki kunda o‘rganib, anglab bo‘lmaydi. Men uzoqroq qolishga qaror qildim, ayniqsa festivalda har kuni qiziqarli, iqtidorli odamlar bilan uchrashaman va ko‘plab yangi narsalarni kashf qilaman”.

Bu yil festivalda dunyoning 58 davlatidan 221 nafar xorijlik ishtirokchi, shuningdek, O‘zbekiston hududlaridan bundan kam bo‘lmagan vakillar –artistlar, hunarmandlar va san’at namoyandalari ishtirok etdilar. Tadbirni milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 200 dan ortiq xodimlari yoritdi.

Festivalning birinchi kuni ishtirokchilarning rang-barang va tantanali paradi bilan boshlandi. Ark qal’asi yaqinida ustalarning asarlari aks ettirilgan chodirlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular orasida noyob mahsulotlar, jumladan Falastin, Marokash, Shvetsiya, Rossiya va Avstraliya kabi mamlakatlarning mahsulotlari namoyish etildi. Nafaqat chodirlar soni - 500 ta! - hayratga soldi, balki o‘zlari bilan 20 kg kumush va 10 kg oltin buyumlar olib kelgan ishtirokchilarning geografiyasi ham kata taassurot qoldirdi.

Bu xilma-xillikka talab katta bo‘lgani ajablanarli emas: joriy yilda O‘zbekiston shaharlariga sayyohlar oqimi “pandemiyadan oldingi” davrga nisbatan sezilarli darajada oshdi.

Buxoroning tarixiy markazida tom ma’noda har bir burchakda, karnay va doira sadolari ostida, olomonning g‘ala-g‘ovurida qo‘yilayotgan jarangdor folklor tomoshalar oralig‘ida ustalar bilan suhbatlashamiz.

Samarqandlik zargar Suxrob Ahramov eski o‘zbek zargarlik buyumlaridan nusxa ko‘chirish bilan shug‘ullanadi. Sharq uslubi birinchi navbatda chet elliklarni o‘ziga jalb qiladi. –“ Bizning XVIII-XIX asrlarga xos anʼanaviy mahsulotlarimiz butun dunyoga mashhur. Endi ular asosan to‘y uchun marosim libosining bir qismi sifatida kiyiladi, chet ellik mehmonlarda esa hech qanday to‘siq yo‘q - ular ushbu buyumlardan har kuni foydalanishlari mumkin. Qadimgi namunalarda shisha va marjon ishlatilgan, zamonaviylarini esa biz tabiiy toshlardan yasaymiz. Mana, chakka bezagi - gajak, biz uni sirg‘alar formatida takrorladik”. Men oval shaklidagi asl sirg‘alarga e’tibor beraman, ularning markazida marvariddagi Eron miniatyurasining kichkina nusxasi tushirilgan. Asl, nihoyatda nozik ishni ota kasbining davomchisiga aylangan Suxrobning o‘g‘li bajargan.

Jizzaxlik hunarmand Gavhar Asanaqulova besh yoshidan boshlab kashtachilik bilan shug‘ullanadi. U ko‘rgazmaga an’anaviy zardo‘zlik turlari – kashta, iroqi va boshqa juda qadimiy kashtachilik turlaridan iborat buyumlarni olib keldi.

–“Ota-bobolarimiz kashtachilik, gilamdo‘zlik bilan shug‘ullangan. Kasbim gidrotexnik-muhandis bo‘lsam-da, nafaqaga chiqqanimdan so‘ng “Hunarmandlar” uyushmasiga a’zo bo‘lib, yetti yildan buyon an’anaviy kashtachilik va uni ommalashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Bizning hududda biz, masalan, Toshkentdagi kabi, ilgak bilan to‘qib emas, igna bilan kashta tikamiz. Mana eski paranji va jelak bosh (boshdagi xalat), mana bu esa lola gullari bilan bezatilgan Jizzax do‘ppisi”. Gavhar opa nafaqat o‘zining ajoyib dizayndagi kashtali buyumlarini sotadi, balki bu jarayon qanday amalga oshirilishini ham ko‘rsatadi.

Interaktivlik Festivalning ajoyib xususiyatlaridan biridir. Mehmonlar taomlarni tatib ko‘rishadi, raqsga tushishadi, milliy liboslarni kiyib ko‘rishadi hamda unutilmas tarixiy joylarda suratga tushib, mahorat darslarida noyob bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi. Rassomlar 9 kun ichida “Buxoro – plener-2022” loyihasi doirasida Eski shaharning diqqatga sazovor joylariga bagʻishlangan 40 ga yaqin kartinalarni chizishadi.

Festival doirasida san’atshunos va amaliyotchilar uchun “Kashtachilik san’ati tarixi – dizayn va innovatsion yondashuv” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayevning ta’kidlashicha, zargarlik va zardo‘zlik san’ati festivali hunarmandchilikni ham, hunarmandlarning o‘zini ham ommalashtirishga kuchli turtki beradi. – “Okean ortida ham hunarmandlarimiz qadrlanadi va kutiladi: masalan, AQShning Texas shtati Santafe shahrida har yili ko‘pchiligi buxorolik bo‘lgan O‘zbekistonlik hunarmandlar xalqaro ko‘rgazmada qatnashadi. Zardo‘zlik va boshqa mahsulotlarimizning asl shakli yuqori baholanadi, ularga talab kuchli. Biz an’anaviylikni zamonaviylik bilan uyg‘lashtirishga, qadimiy hunarmandchilikka yangi hayot bag‘ishlashga harakat qilamiz. Badiiy hunarmandchilikni ommalashtirish qadimiy hunarmandchilikni to‘liq mexanizatsiyalashdan asrash yo‘llaridan biri bo‘lib, milliy o‘zlikni, an’analar ruhini asrab-avaylash demakdir”.

Buxoro shahrining qoq markazidagi Ko‘kaldosh madrasasi hovlisida bo‘lib o‘tgan “Buxoro moda kunlari” dizayn ko‘rgazmasi an’anaviy estetikaning zamonaviy shakllarda gavdalanishini yaqqol namoyon etdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Rossiya va boshqa mamlakatlardan iqtidorli modelyerlar ishtirok etdilar. Ular o‘z kolleksiyalarida zardo‘zlik, so‘zana, jun namat va boshqa an’anaviy texnikalarni jasorat bilan talqin qilib, ajoyib yorqinlik, uy‘unlik va rangdagi buyumlarni yaratdilar, ularda har qanday millat ayoli zamonaviy va muhtasham ko‘rinishi tabiiy.

Buxoroda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nishonjon Otamurodovning an’anaviy musiqa uy-muzeyi, Davlat Toshev nomidagi iqtidorli bolalar uchun “Usto-Shogird” san’at maktabi kabi ajoyib kamera maydonlariga tashrif buyurish mumkin. Ustozni ulug‘lash, o‘z mahoratini yosh avlodga yetkazish “Yangi O‘zbekiston”da e’zozlanayotgan muqaddas an’analardan biridir. O‘tmish sohiblarining shon-shuhratini asrab-avaylash va yuksaltirish respublika miqyosidagi vazifa bo‘lib, u ko‘z o‘ngimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Sayyohlar uchun bunday “qo‘riqlangan” joylar tirik tarix orollari va an’anaga tom ma’noda – mo‘yqalam, torlar bilan teginish imkoniyatidir ...

Bayram yakunida, Ark qal’asi devorlari ostida raqs ansambllari, xonandalar va taniqli estrada ijrochilari ishtirokidagi muhtasham gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Tomoshabinlar Buxoro diyori tarixi, uning buyuk shaxslari – Ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Al-Forobiy, ulug‘ kuylari – mavrigi va shashmaqomlari bilan chuqur tanishdilar. Konsert doirasida g‘oliblar – zargarlik va zardo‘zlik ustalari, eng yaxshi hunarmandchilik ustaxonalari taqdirlandi.

Konsert davomida tomoshabinlarga milliy taomlar tortildi va hududiy naqshli do‘ppilar tarqatildi. Kecha so‘ngida esa Eski shaharni chaqmoqdek salyutlar jilosi yoritib yubordi.

Festivalning xorijlik mehmonlarda qanday zavq-shavq uyg‘otganini ta’riflash ortiqcha bo‘lsa kerak. Ranglar va urf-odatlarning boyligi, muloqotning iliqligi, mazali taomlar va Ipak yoʻli meʼmoriy durdonalari orasidagi hayot – bu Buxorodagi diqqatga sazovor joylarning toʻliq roʻyxati emas.

Bugun ham Buxoro qadimiylik, buyuk tarix va ma’rifat ruhi bilan nafas olmoqda, ayni paytda ko‘plab mehmonlarning qulay dam olishi uchun barcha zarur infratuzilmalar mavjud. Sayyohlarga ajoyib mehmonxonalar va mehmon uylari, restoranlar, kafelar, bankomatlar, servis xizmatlari va rivojlangan transport taklif etiladi. Festival kunlarida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Buxoro-Toshkent va Farg‘ona-Buxoro-Farg‘ona yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha reyslari yo‘lga qo‘yildi.

Baribir, Buxoroning asosiy boyligi uning qo‘li gul odamlaridir. Ustalarning har biri alohida hikoyaga, shaxsiy ko‘rgazmaga va samimiy minnatdorchilikka loyiqdir. Ularning har biri o‘z mahorati, mehmondo‘stligi, o‘z san’atining nurini atrofidagilarga taratadi va o‘z ona yurtiga muhabbatini abadiy singdiradi. Festival va bu to‘rt kunlik sarguzashtlar yakuniga ko‘ra, men kutilmagan kashfiyotga duch keldim: nega endi tirik tarix bilan hamnafas bo‘lish foydasiga poytaxt hayotining ritmini qurbon qilib, Buxoroga ko‘chib o‘tmasligim kerak?

Mariya Maksimycheva

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring