Har bir inson Xorazm haqida kamida bir marta eshitgan. Bu qadimiy o‘lka haqida so‘zlovchi ilk manba zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” bo‘lib, u qadimgi eroniy tildan tarjima qilinganda “ozuqa beruvchi zamin” degan ma’noni anglatadi. Xorazm aholisi VIII asrgacha zardushtiylik diniga e’tiqod qilgan. Arablar kelgach, islom davlat dini sifatida qabul qilindi. Bu zaminga islom olamining ko‘zga ko‘ringan vakillari kelib, Qur’on ilmidan saboq berganlar va islom g‘oyalarini yoyganlar. Azaldan Xorazm turkiy dunyoning tarixiy markazi bo‘lib kelgan. Bu yerda ushbu davlatning yuksak madaniy darajasini ko‘rsatuvchi ko‘plab me’moriy yodgorliklar va muqaddas qadamjolar saqlanib qolgan. Xorazm viloyatining asosiy shaharlari Urganch va Xivadir. Ular o‘z davrining eng buyuk kishilari: ma’rifatparvar va shoir Pahlavon Mahmud, matematik va astronom al-Xorazmiy, matematik va faylasuf al-Beruniy, xalq qahramoni va hukmdor Jaloliddin Manguberdi, shayx va so‘fiy Najmiddin Kubro, yozuvchi va shoir Muhammad Rizo Ogahiylarning vataniga aylangan. Xorazm hududidagi muqaddas qadamjolar bugungi kunda ham o‘zining asl qiyofasini saqlab qolgan bo‘lib, ularga dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilar tashrif buyurmoqda.
Voyangan Bobo majmuasi - ikki maqbaradan (Voyangan Bobo va Hazrati Eshon Bobo) iborat ansambldir. Majmua Xorazm viloyatining Shovot tumanidan 11 km shimoli-g‘arbda joylashgan bo‘lib, 40 gektar maydonni egallaydi. Ikki maqbara atrofi katta qabriston bilan o‘ralgan va bir vaqtlar bu yerda qadimgi Voyangan qal’asi bo‘lgan. Majmua hududida kichik sho‘r ko‘lni ko‘rish mumkin. Maqbaraga kiraverishda muqaddas tosh, majmuaning narigi tomonida esa yana bir islom arbobi - shayx Savroniy Bobo maqbarasi joylashgan.
Yusuf Hamadoniy majmuasi - mahalliy musulmonlarning ziyoratgohidir. Majmua Xorazm viloyatining Shovot tumanida joylashgan bo‘lib, XII asrda qurilgan va Yusuf Said Hamadoniy maqbarasidan iborat. Yusuf Hamadoniy mashhur tabib bo‘lib, ruhiy kasallarni davolagan. Hozir ham bu yerga ruhiy kasallikka chalingan bemorlar keltiriladi. Maqbara yonida ziyoratchilar qolishi mumkin bo‘lgan mehmonxonalar mavjud.
Shayx Mavlon Bobo majmuasi Xiva tumanining Qiyot qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, Shayx Mavlon Bobo maqbarasi, masjid, minora, qadimiy qabriston, shuningdek, mashhur o‘zbek shoirlari Muhammad Rizo Ogahiy va Munis Xorazmiyning ikkita maqbarasini o‘z ichiga oladi. Shayx Mavlon Bobo XII asrda yashab o‘tgan islom dinining yirik arbobi va ustozidir. Me’moriy ansambl 1891-yilda Muhammad Rahimxon II tomonidan barpo etilgan. Qabristondan atigi bir necha yuz metr narida Xorazmlik shoirlarning ikkita maqbarasi joylashgan.
Shayx Muxtor Vali majmuasi maqbara, masjid va qadimiy qabristonni o‘z ichiga olgan. U Xorazm viloyati Yangiariq tumanining janubi-g‘arbida joylashgan. Maqbarada XIV asrda yashagan Shayx Muxtor dafn etilgan. U Xorazmga islom dinini targ‘ib qilish uchun kelgan, Xiva tumanidagi tepalikda joylashgan “Oq Shayx bobo” minorasida yashab, mudarrislik qilgan. Uning shuhrati Xorazmdan tashqariga ham yoyilgan. Shayx Muxtor o‘zining ilm-ma’rifati va barcha jonzotlarga mehribonligi bilan mashhur edi. XIX asrda maqbara Xiva vaziri Yoqub Mehtar tomonidan qayta qurilgan.
Uch Avliyo Bobo maqbarasi Xiva shahrida, Tosh Hovli saroy majmuasi yaqinida joylashgan. Qadimiy qabr XVI asrda qurilgan bo‘lib, qabr hududidagi dastlabki dafn ishlari 1561-yilga to‘g‘ri keladi. Kirish eshigida maqbara me’mori - usta Abdulla ibn Saidning ismi bitilgan. 1821-yilda maqbara qayta ta’mirlangan. 1970-1980-yillardagi kuchli yomg‘irlar tufayli ziyoratgohning kirish tomi va ayvon ustunlari jiddiy shikastlangan, natijada bir qator ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Xiva shahrida joylashgan eng go‘zal me’moriy majmua - Pahlavon Mahmud maqbarasi Xorazm me’morchiligining eng sara asarlaridan biri hisoblanadi. Dastlab bino XIII asrdayoq Juma masjidining orqasidagi qabristonda Pahlavon Mahmud qabri ustiga qurilgan va o‘sha davrdayoq musulmonlar uchun muhim ziyoratgohga aylangan. Pahlavon Mahmud Xorazmda mashhur shoir, so‘fiy va ma’rifatparvar bo‘lgan. So‘fiy butun umri davomida o‘zining falsafiy she’rlarida mardlik, halollik va sadoqatni kuylagan. Maqbaraga qo‘shib masjid va xonaqohlar qurilgan, maqbaraning o‘zi esa mayolika qoplama va katta gumbaz bilan bezatilgan ajoyib inshootga aylangan. Majmuaning keng ko‘lamli qurilish ishlari XX asr boshlarida yakuniga yetkazilgan.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh