Yangi yil O‘zbekistonda eng sevimli bayramlardan biri hisoblanadi. Unga bir oy, hatto undan ham oldinroq tayyorgarlik ko‘rila boshlanadi. Bu juda yoqimli, jo‘shqin va hayajonli davr. Hamma bozorlar va savdo markazlariga shoshiladi, maqsad bitta - sovg‘alar, yangi yil esdaliklari va sevimli mahsulotlarni xarid qilish, Yangi yilga turli xil taomlar tayyorlash. Bayram dasturxonini to‘kin-sochin qilib bezatish juda muhim an’ana sanaladi. Dasturxonda noz-ne’matlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, kelgusi yil shunchalik barakali o‘tadi, deb ishoniladi. Yangi yilda bir-biriga sovg‘a berish odat tusiga kirgan. Barcha qarindoshlar, do‘stlar va hamkasblarga tabriklar va yangi yil sovg‘alari bilan e’tibor ko‘rsatish lozim.
Ko‘chalar va uylar bayramona bezatiladi. Butun yon atrofda yaltiroq va tovlanuvchi bezaklar, gulchambarlar, yangi yilga xos qurilmalar, bezatilgan archalarni ko‘rish mumkin. Albatta, har bir xonadonga archa o‘rnatiladi va uning tagiga oldindan tayyorlangan sovg‘alar joylashtiriladi.
Yangi yil - bu qishki ta’til, moviy gumbazlar va minoralar orasidagi sharqona ertak muhitidagi ajoyib sarguzasht. Markaziy ko‘chalar va maydonlarda Qorbobo va Qorqizni uchratish mumkin, hamma joyda yarmarkalar, san’atkorlarning chiqishlari, shou-dasturlar va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Shaharliklar tog‘larga, dam olish maskanlariga oshiqadilar. U yerda ajoyib qishki muhitda hordiq chiqarish, qishki sport turlaridan bahramand bo‘lish, arqon yo‘lida sayr qilish imkoniyati mavjud.

Barcha mo‘jizalar yangi yil kechasida sodir bo‘ladi. An’anaga ko‘ra, yarim tunda tilak tilash kerak va u albatta ro‘yobga chiqadi. Soat o‘n ikki bo‘lishi bilan shampan vinosi ochiladi va billur qadahlarni jaranglatib, hamma bir-birini yangi yil bilan tabriklaydi.
Izoh