Foto va Video

Xoja Doniyor va uning Samarqanddagi maqbarasi haqidagi afsona

6005

Bu Insonning bir nechta ismlari bo‘lib, dunyo dinlarida turli nomlar bilan hurmatga sazovor bo‘lganlar. Musulmonlar ularni Xo‘ja Doniyor, yahudiylar – Daniel, xristianlar esa Danil deb atashadi.

Doniyor Bobil va Fors hukmdorlarining maslahatchisi, tushlar ta’birini aytib beruvchi bashoratchi sifatida tarixda qolgan. Bobil podshosi Navuxodonosor Quddusni zabt etgan vaqtda o‘smir yoshida bo‘lgan Doniyor boshqa yahudiylar bilan birga asirga olingan. U tez orada yoshiga nisbatan donoligi, kuchli xotirasi va zakovati bilan Bobil podshosining nazariga tushgan. Ilm-fan, san’atdagi muvaffaqiyatlari bo‘lg‘usi Xojaning Bobilda shuhrat qozonishiga sabab bo‘lgan. Doniyor Payg‘ambarni o‘z xizmatiga olgan Navuxodonosor tushlarining ta’birini bilish uchun tez-tez unga murojaat qilib turgan. U podshoh maslahatchisi hamda xalq qozisi bo‘lgan. Buyuk imperiyalarning almashinishi va ularning tanazzulini, shuningdek, Iso masihning kelishini bashorat qilgan.

Bobil podsholigi qulagach, Doniyor Ahamoniylar shohi Doroning qo‘l ostida faoliyat yurita boshlaydi. Bu orada Xojaning dushmanlari ko‘payib, unga qarshi fitnalar uyushtiriladi. Bunga sabab, Doniyorning fors hukmdoriga sig‘inishdan bosh tortishi edi. Fitnachilar Doroni Doniyorni qatl qilishga ko‘ndirdilar va u donishmandni sherlar tushirilgan handaqqa tashlashga qaror qildi. Ammo Doniyor mo‘jizaviy tarzda tirik qolishga muvaffaq bo‘ldi va uning saroydagi mavqei yanada mustahkamlandi.

Doniyor yana bir fors hukmdori – Kirning ham ishonchini qozondi. Donishmandning ta’siri ostida podsho bir paytlar asirga tushgan yahudiylarni ozod qilib, ularga vataniga qaytib ketish uchun imkon berdi. Ammo uning o‘zi vataniga qaytmasdan Bobilda qolishga qaror qildi. Keksayib qolgan Xoja Suza (hozirgi Eron hududi) shahriga ko‘chib o‘tgach, vafot etdi va shu yerda hukmdorlar maqbarasiga dafn etildi.

Injil avliyosining muqaddas qabri Samarqandda qanday paydo bo‘lganligi haqida bir qancha fikrlar mavjud. Rivoyatlardan birida aytishilicha, bu voqea Amir Temurning Kichik Osiyoga yetti yillik yurishidan keyin sodir bo‘lgan. Temur bashoratgo‘y dafn etilgan Suza shahrini egallashga ko‘p harakat qilgan, ammo buyuk sarkarda odatiga zid holda bunga erisha olmagan. Mahalliy ruhoniylardan shaharning qudrati Avliyo Doniyor yodgorligi bilan bog‘liqligini eshitgan Temur shaharliklar bilan murosa qilishga kelishadi. Muzokaralar natijasida sarkarda Avliyo hokining bir qismini Samarqandga olib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Payg‘ambar hoki Samarqandga qo‘yilgach, Amir Temur Saltanati kuchayib, chegaralari Hind daryosidan Qora dengiz sohillarigacha kengayadi. Samarqand shahri esa davlat poytaxtiga aylanadi.

Avliyo Doniyor maqbarasi Samarqandning chekkasida, Siyob daryosi sohiliga yaqin bo‘lgan baland tepalikda joylashgan ajoyib maskandir. Mozor eng mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Uning ichki qismida uzunligi o‘n sakkiz metr keladigan g‘aroyib qabr toshi bor. Maqbara yonidagi buloqdan shifobaxsh suv oqib turadi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring