Foto va Video

Jampiq-qalʼa – qadimiy Xorazmning eng chiroyli qalʼasi

1894

Eng katta sirlar qayerda yashiringanini bilasizmi? Ehtimol, shovqin shaharlar va qiziquvchan odamlardan iloji boricha uzoqroq bo‘lgan qadimiy qalʼalardadir? Aynan shu yerda qadimiy devorlar nimadir yashirib jim turishadi, biz hech qachon bila olmaydigan sirlarni yashirishadi.

Jampiq-qalʼa Qoraqalpog‘iston hududida, Amudaryoning quyi oqimidan unchalik uzoq bo‘lmagan Baday-To‘qay qo‘riqxonasi yaqinida joylashgan. Urganch-Nukus avtomagistralidan yon tomonga yursangiz, qora va yashil cho‘qqilar bilan qoplangan tepaliklar orasidan o‘tadigan yo‘lga tushib qolasiz. Sirli manzilga yaqinlashganda, noodatiy qurilishlar, yarim buzilgan minoralar va devorlarning soyasi uzoqdan ko‘rinib turadi. Balki sahro o‘rtasidagi sarobdir yoki qadimgi sivilizatsiya tomonidan yaratilgan moʻjizadir. Va nihoyat qalʼaning loy devorlari ostiga turib, dunyomiz naqadar qadimiy ekanligi va o‘tmishda vayron qilingan devorlar qanchadan-qancha ochilmagan sirlarni o‘zida mujassam qilib turganini tushunib yetasan, kishi.

Jampiq-qalʼani sovet arxeologi S.P. Tolstoy qadimgi Xorazmning eng chiroyli qalʼasi deb nomlangan. U haqiqatan ham juda ham go‘zal, ayniqsa botayotgan quyosh nurlari ostida. Hatto tunda ham taʼrifga ojiz qalʼa Somon Yo‘li galaktikasi ostida go‘yo avvalgi hayot haqida pichirlayotgandek tuyuladi . Kim biladi, ehtimol bu yerda qadimgi xorazmiyliklarning ruhlari yashar.

Qalʼa birinchi marotaba qachon qurilganligining aniq sanasi nomaʼlum. Ehtimol, u miloddan avvalgi IV asrdan I asr oralig‘idagi davrda qurilgan. Qalʼaning dastlabki qurilgan qismi saqlab qolinmagan. Bugun biz ko‘rib turganimiz bu keyingi davr, taxminan milodiy IX-X asrlarga oid binolardir. Qalʼa Xorazm davlatining qadimiy shahri tarkibiga kirgan. Qalʼaning ichida turar-joy va xo‘jalik xonalar saqlanib qolgan. Undan tashqari qalʼa hududida saroy binosi va ark bo‘lib, uning devorlari old tomonining bezaklarni ko‘rish mumkin. Bunday bezatish qadimgi Xorazm meʼmorchiligiga xos bo‘lgan.

Bizgacha beshta minora yetib kelgan. Bir minora orqali ichkariga kirish imkoni mavjud. Boshqa minoralar esa yaxlitdir. Shimoliy devorning kirish qismi qabristonga olib boradi. Janubiy devorda esa o‘tmishdagi mo‘g‘ullar bosqinchiligi izlarini ko‘rishingiz mumkin.

Qalʼa devorlarining orqasidan qarab, odamlarni sahro o‘rtasida shunday ajoyib inshootlarni qurishga nima majbur qilganini tushunish qiyin. Ehtimol, ilgari bu yerlar umuman cho‘l bo‘lmagandir, balkim gullab-yashnagan voha bo‘lgandir, yoki xorazmliklar o‘z zamondoshlaridan yashiradigan narsalari bo‘lgandirlar. Biz buni hech qachon bila olmaymiz.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring