Foto va Video

Ko‘pkari –mard va shijoatli chavandozlar bellashuvi

2019

O‘zbekiston ming yillik madaniyati, qiziqarli an’analari va o‘ziga xos xalq og‘zaki ijodiga ega ajoyib o‘lkadir. O‘zbek xalqi azaldan yirik bayram va tadbirlarda haqiqiy erkaklarning g‘ayrioddiy turniri – ko‘pkari yoki uloq o‘tkazib keladi.Ko‘pkari –ta’sirchan tomoshabinning qalbini junbushga keltiradigan hayajonli bellashuv. Tomoshabopligi nuqtai nazaridan ko‘pkari musobaqasini ispan ensyerrosi va buqalar ishtirokidagi Amerika rodeosi bilan taqqoslash mumkin. Minglab chavandozlar chang-to‘zon ichida, mardlarcha, ishtiyoq bilan yangi so‘yilgan yosh echki yoki qo‘chqorning tanasi (uloq) uchun kurashadilar.

O‘yinlarda hamma ham qatnasha olmaydi, faqat yaxshi o‘rgatilgan otda jismonan baquvvat va epchil chavandoz ishtirok eta oladi. Chaqqon, chidamli, shijoatli o‘yinchilar g‘olib bo'ladilar. Shuningdek, har qanday ot ham bunday musobaqaga mos kelavermaydi. Qoida tariqasida, odatda, ko‘pkarida nufuzli qorabayir zotidan bo‘lgan otlar qatnashadi. Bunday otlar alohida e'tibor va parvarish talab qiladi. Ular tanani to‘g‘ri tutish, raqiblar qurshovidan chiqib ketish va kerakli tezlikda chopishga o‘rgatiladi. Uloqchi otning qishda sovqotishi yoki issiqdan azob chekishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas, uning ozuqasi muvozanatlashtirilgan ratsionga ega bo‘lishi kerak hamda qorabayir o‘z vaqtida toza havoda yugurishi zarurdir.

Ko‘pkari boshlanishidan oldin “maslahat” kengashi yig‘ilib, tashkiliy masalalar hal qilinadi, ya’ni sovrinlar va musobaqa o‘tkaziladigan joy belgilanadi. Qoidaga ko‘ra, o‘yin qishloqda, tepaliklar bilan o‘ralgan keng tekislikda bo‘lib o‘tadi. Bu tomoshabinlar tepalikda o‘tirib, o‘yinni kuzatib borishlari uchun qulaydir. Shuningdek,uloq uchun qo‘chqor yoki echki tayyorlab olinadi: jigari va yuragidan tashqari, barcha ichki a’zolari olib tashlanib, oyoqlari tizzagacha chopib tashlanadi. Tana go‘shtining vazni 50 kilogrammdan oshmasligi kerak, agar u belgilangan vazndan kam bo‘lsa, tana go‘shtiga tuz yoki tuproq qo‘shiladi.Musobaqa ishtirokchilari maxsus qavilgan chopon va himoyalovchi bosh kiyimi kiyishadi. O‘yin boshlanishidan oldin bakovul (hakam) sovrinni e'lon qiladi va belgilangan doiraning o‘rtasiga qo‘chqor yoki echkining (uloq) tana go‘shtini qo‘yadi, shundan so‘ng musobaqa boshlanadi. Ot ustidagi barcha ishtirokchilar uloqni olish va marraga yetkazish uchun davraga shoshiladilar. Faqat eng chaqqon, epchil va chapdast chavandoz olomondan o‘tib, o‘ljani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Keyin chavandoz o‘z o‘ljasini marra chizig‘iga yetkazish uchun shoshiladi. Ayni paytda o‘nlab ishtirokchilar undan qimmatbaho uloqni tortib olishga harakat qiladilar. Shu bilan birga, turnirning barcha qoidalariga rioya qilinadi, birinchi navbatda, g‘alabaning halol bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘olibga tantanali ravishda sovrinlar topshiriladi va endi u o‘z hududida mashhurlikka erishadi, mahallasida esa hurmat va obro‘ qozonadi.

Ko‘pkari musobaqasi o‘zbek xalqining qadimdan yetib kelgan boy madaniyati, etnosporti bilan yaqindan tanishish uchun yana bir sababdir.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring