O‘zbekiston ko‘p yillar davomida butun dunyodan sayyohlarni, shuningdek, sayohatga shunchaki oshno bo‘lib qolmay, balki o‘zining noyob video va foto kontentlari orqali millionlab obunachilarni ilhomlantirayotgan insonlarni ham o‘ziga jalb etib kelmoqda. Joriy yilning 5–9-iyun kunlari Janubiy Koreyadan bir guruh bloger va inflyuenserlar O‘zbekistonda bo‘lishdi.
Koreyalik blogerlarning tashrifi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi. To‘rt kun davomida ijodiy guruh Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarining eng diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishdi. Buxoroda mehmonlar qadimiy Chor Minor va Bolo Hovuz masjidlari, Ark qal’asi, Chashmai Ayyub va Ismoil Somoniy maqbaralarining betakror me’moriy go‘zalligidan ilhom oldilar.
Samarqandda mehmonlar Shohi Zinda maqbaralar majmuasi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Ulug‘bek rasadxonasiga tashrif buyurishdi. Shundan so‘ng ular Samarqandning tarixiy markazi bo‘ylab an’anaviy sayohatni davom ettirib, Registon maydoni, Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir va Xo‘ja Doniyor maqbaralari bilan tanishdilar. «Afrosiyob» tezyurar poyezdida yo‘l davomida ochilgan betakror manzaralardan zavqlangan blogerlar poytaxt tomon yo‘l oldilar.
Toshkentda Mercure Tashkent North mehmonxonasida mazmunli nonushtadan so‘ng mehmonlar Markaziy Osiyo islom olamining qadimiy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ular O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurishdi. Sayohat taassurotlari orasida o‘zbek xalqining o‘ziga xos an’analari va betakror milliy gastronomiyasi alohida o‘rin egalladi. Milliy taomlar va urf-odatlar orqali mehmonlar O‘zbekistonning ko‘p asrlik madaniy merosi, boy tarixi va o‘ziga xos milliy koloritini yanada chuqurroq his etish imkoniga ega bo‘ldilar.
Izoh