Xavfsizlik va O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning o‘ziga xos jihatlari

Parkent tumanining maftunkor tabiati

140

Toshkent viloyatining Parkent tumani o‘zining go‘zal tabiati, ekologik toza muhiti va yilning har qanday faslida sayyohlarni o‘ziga jalb etadigan o‘ziga xos iqlimi bilan mashhurdir. G‘arbiy Tyan-Shan tog‘lari etagida joylashgan bu go‘sha o‘zining unumdor yerlari va bog‘dorchilik an’analari sababli uzum yetishtirish va sifatli sharob ishlab chiqarish markaziga aylangan. Mintaqaning tepaliklari, tog‘ tizmalari va musaffo havosi bilan ajralib turadigan betakror tabiati ham agroturizm, ham faol dam olish uchun qulay sharoitlar yaratadi. Parkent o‘zining gastronomik an’analari bilan ham e’tiborni tortadi, bu yerda mehmonlar mahalliy fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan ekologik toza mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni tatib ko‘rishlari mumkin. Tabiiy boyliklar, rivojlangan infratuzilma hamda madaniy an’analarning uyg‘unligi tufayli bu hudud O‘zbekistonning boy merosini o‘rganish va dam olish uchun qulay maskan sifatida ommalashgan.

Kumushkon dam olish maskani

“Kumushkon” dam olish maskani Parkentsoy darasida, Qirg‘iz qishlog‘idan atigi 3 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga Chotqol tizmasining go‘zal tog‘oldi hududlarida unutilmas dam olishni taklif qiladi.

Qariyb 450 kishiga mo‘ljallangan majmua 60 gektar maydonni egallaydi. U jazirama issiq va shahar tashvishlaridan xoli joy bo‘lib, keng, yam-yashil daraxtzorlardan iborat. Dam olish zonasi xonalari bo‘lgan yozgi va qishki korpuslar, oshxona, sport zali hamda butun hududda joylashgan kottejlardan iborat. Shuningdek, majmuada kattalar va (50x25 metr) va bolalar uchun ikkita ochiq basseyn hamda tashrif buyuruvchilar mahalliy oshpazlarning mazali taomlaridan bahramand bo‘lishlari uchun choyxona joylashgan.

Hazrati Ali Buva majmuasi

Hazrati Ali Buva me’moriy majmuasi 2010-yilda Payg‘ambar (s.a.v.)ning avlodi sharafiga qurilgan bo‘lib, Parkent tumanidagi shimoli-g‘arbiy Tyan-Shan tog‘i etaklarida joylashgan. Majmuaning o‘ziga xos xususiyati shifobaxsh suvli muqaddas buloqning mavjudligidir. Bu joy har qadamda odamlarga faqat ezgu va savobli ishlargina jannat eshiklariga kalit bo‘lishi mumkinligini eslatib turadi, chunonchi, masjidga kiraverishda shunday yozuv shunday bor: “Inson! Unutma, faqat ezgu ishlargina jannat darvozasining kaliti bo‘lib xizmat qilishi mumkin”.

Hazrati Ali haqidagi rivoyatga ko‘ra, jang maydonidagi og‘ir to‘qnashuvda dushman ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng, u Yaratganga suv so‘rab murojaat qilgan. Hazrat Ali ibodatlarda o‘z minnatdorchiligini bildirish uchun tahorat olmoqchi bo‘lgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, uning ko‘ngli yorishib, yerga qo‘llarini tekkizib, yana suv so‘ramoqchi bo‘ldi. Uning istagiga javoban qo‘qqisdan qo‘llari ostida haqiqiy mo‘jiza deb atash mumkin bo‘lgan buloq paydo bo‘ldi. O‘shandan buyon Hazrat Ali qo‘li teggan joy muqaddas hisoblanadi, istagan kishi o‘sha joyga qo‘lini tekkizib, o‘z istagini aytishi mumkin. Bu muqaddas maskanni ziyorat qilish ziyoratchilarni Kichik Haj ziyoratiga olib keladi, deb ishoniladi.

Kumush koni

Parkent tumanidagi uzumzor va mevali bog‘lar bilan o‘ralgan Kumushkon qishlog‘i o‘zining mineral suvli shifobaxsh buloqlari bilan mashhur. Kumushkon nomi qadimgi davrlardan, G‘arbiy Tyan-Shanning qoyali yonbag‘irlaridagi chuqur konlardan kumush qazib olingan vaqtlardan kelib chiqqan. 1940-yillarda Parkentsoy daryosi darasida uzoq muddatli sanoat ishlab chiqarishi uchun yetarli zaxiraga ega bo‘lgan kumush rudasi koni topildi.

Asrimiz boshlangunga qadar sayyohlar ekskursiya doirasida konning tashlandiq shaxtalariga tashrif buyurishgan. Sayohatchilar kumush rudasining parchalarini esdalik sovg‘asi sifatida saqlab qo‘yganlar.

Ming dardga davo

Kumush buloqli muqaddas shaxta 1400 yildan buyon o‘ziga xos manzil hisoblanadi. Har kuni bu yerga O‘zbekiston va qo‘shni respublikalardan yuzlab, dam olish kunlari esa minglab odamlar ziyorat qilish uchun kelishadi. Ziyoratchilar buloq suvi yoshartiradigan va turli kasalliklarni davolaydigan xususiyatga ega deb hisoblashadi. Kumush ionlari bo‘lgan buloq suvining xususiyatlari sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan ko‘plab odamlarni o‘ziga jalb qiladi va ularga umid bag‘ishlaydi.

Ushbu qishloqning havosi tog‘lar orasida joylashganligi sababli juda ham musaffo. Aynan shu sababli bu yerda allergiya, qon bosimi va surunkali kasalliklarga chalingan odamlarni uchratish mumkin. Kumush suv mo‘jizakor xususiyatga ega bo‘lib, organizmni tozalash, kassaliklarning oldini olish, davolash hamda immunitetni ko‘tarish uchun ishlatiladi.

Chashma turizm mahallasi

Chashma mahallasi Parkent tumanining So‘qoq nomli so‘lim qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, poytaxtdan atigi bir yarim soatlik masofada joylashgan. Ushbu mo‘jazgina hududning nomi qishloqdan 5 kilometr uzoqlikda joylashgan mashhur tog‘ bulog‘i - Chashmaning nomidan olingan. Bu buloqning kelib chiqishi noma’lum, ammo uning suvi o‘zining ozuqaviy va shifobaxsh xususiyatlari bilan mashhur. Bu hududga tashrif buyuruvchilarning ko‘pchiligini turli dorivor o‘simliklar, ignabargli va ming yillik daraxtlar o‘sadigan So‘qoq tog‘lari va qo‘riqxona hududi o‘ziga jalb qiladi. Bu yerda “Kuylovchi g‘or” va “Odamtosh” kabi tabiat yodgorliklari, shuningdek, eng go‘zal sharsharalar, zumrad ko‘llar va shaffof daryolar bor. Qo‘riqxonadagi ajoyib “Kuylovchi g‘or” o‘z nomini g‘or ichida qaynab chiqayotgan suvning tovushlari eshitilib turishi sababli olgan. Beg‘izshoh cho‘qqisi yonida, ikki daraxt o‘rtasida qad rostlab turgan odam qiyofasini eslatuvchi qoyatosh xalq orasida “Odamtosh” nomini olgan. Mahalla va uning atrofidagi yaqin manzillarning kelib chiqishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi va bu joylar haqida qishloq oqsoqollaridan eshitish mumkin bo‘lgan ko‘plab afsonalar mavjud.

“Quyosh” instituti

Parkent tumanidagi Quyosh qo‘rg‘onida, Toshkentdan 45 km uzoqlikda joylashgan “Quyosh” instituti quyosh energiyasini o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot markazidir. Majmua balandligi 42 metr bo‘lgan ulkan energiya konsentratoriga ega quyosh laboratoriyasi, 10 700 ta ko‘zguga ega geliostatik maydon va yuqori haroratda ishlashga mo‘ljallangan quyosh pechini o‘z ichiga oladi. Institut 1100 metr balandlikda joylashganligi va yil davomida 280 quyoshli kun bo‘lganligi sababli, quyosh energiyasi tadqiqotlari uchun ideal joy hisoblanadi.

1981-yildan 1987-yilgacha qurilgan ushbu obyekt nafaqat ilmiy va ma’rifiy maqsadlarga, balki ilmiy kashfiyotlarni tabiat manzaralari bilan uyg‘unlashtirish istagida bo‘lgan sayyohlarni jalb etishga ham xizmat qiladi. Institut Quyoshni asosiy energiya manbai sifatida o‘rganmoqda va quyosh energiyasidan foydalanishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish imkonini beruvchi tajribalar o‘tkazmoqda.

So‘qoq qo‘riqxona hududi

Toshkent viloyatida joylashgan So‘qoq tog‘li hududi o‘zining o‘rmonlari, go‘zal tog‘ manzaralari va qo‘riqxona maqomi bilan mashhur. Bu joy o‘zining boy o‘simliklar olami, musaffo havosi va atrofdagi tabiatning go‘zalligi tufayli noyob hudud hisoblanadi. So‘qoq qo‘riqxona zonasi Chotqol tizmasining yonbag‘irlariga cho‘zilgan qarag‘ay o‘rmonlari, shuningdek, balandligi 2025 metr bo‘lgan Shoxqo‘rg‘on tizmasi kabi tog‘lar bilan o‘ralgan hududni qamrab olgan. O‘rmonning qo‘riqxona maqomi uning ekologik ahamiyati bilan bog‘liq. O‘simliklarning kamyob turlari, qadimiy qarag‘ay daraxtlari va jilg‘alarning tiniq suvlari ushbu maskanni qimmatli tabiiy resursga aylantiradi. Mahalliy qishloqlarga tashrif buyurish esa sayohatga rang-baranglik qo‘shadi, u yerda tog‘li aholining turmush tarzi haqida ma’lumot olish va mahalliy taomlarni tatib ko‘rish mumkin.

Ko‘k somsa

So‘qoq ko‘k somsasi – bu butun O‘zbekiston shinavandalari e’tiborini tortadigan haqiqiy pazandalik afsonasi. Dastlab an’anaviy taom hisoblangan ko‘k somsa so‘nggi yillarda nafaqat mahalliy aholi, balki sayyohlar orasida ham e’tirofga sazovor bo‘lgan mashhur taomga aylandi. Somsaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u tog‘lardan terilgan, taomga unutilmas ta’m va ifor beruvchi maxsus o‘tlarni o‘z ichiga oladi. Uning mashhurligi siri nafaqat masalliqlarda, balki uni tayyorlash jarayonining o‘zida yaratilgan muhit bilan ham bog‘liq. Shahardagi tig‘iz sharoitda ko‘plab toshkentliklar Parkentga kelib, go‘zal tog‘lar va jo‘shqin daryolar qurshovida ushbu taomdan bahramand bo‘lishni xush ko‘radilar.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring