Foto va Video

O‘zbekiston delegatsiyasi “NATAS Holidays 2023” sayyohlik yarmarkasida ishtirok etdi

24.08.2023 271

Singapurda Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik turizm tadbirlaridan biri bo‘lgan “NATAS Holidays 2023” xalqaro sayyohlik yarmarkasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi maqsadli hamkor sifatida ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ vakillari, shuningdek, mamlakatmizning taniqli hunarmandlari va O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi ijodkorlari o‘rin oldi.

Yarmarkaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Singapurdagi Qahramon Shokirov nutq so‘zlab, ikki tomon hukumatlarining turli sohalarda, jumladan, turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlarini alohida e’tirof etdi.

Uch kun davom etgan yarmarka jarayonlarida O‘zbekiston stenida yurtimizning yetakchi hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar taqdim etildi, shuningdek, O‘zbekiston madaniyat namoyandalarining musiqiy chiqishlari ham tashkil etildi.

Yarmarkada O‘zbekistondan tashqari Xitoy, Janubiy Koreya, Tayvan, Gonkong, Maldiv orollari, Makao va boshqa davlatlardan sayyohlik tashkilotlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston stendi singapurliklarning Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya va Janubi-Sharqiy mintaqaning boshqa mamlakatlariga an’anaviy sayohatlaridan farq qiluvchi mutlaqo yangi yo‘nalish sifatida ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Singapurlik sayyohlarning qiziqishi Buyuk Ipak yo‘lining qadim zamonlarda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari orqali o‘tganligi va bu shaharlar o‘z navbatida YuNESKOning Butunjahon merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgani bilan bog‘liq.

Uch kun davomida yarmarkaga 107 mingdan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi va O‘zbekiston tomoni bir qator turizm tashkilotlari bilan manfaatli kelishuvlarga erishdi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing