“Kazan Expo” ko‘rgazmalar majmuasida “Rossiya Halal Expo” halol mahsulotlar ko‘rgazmasi boshlandi. Ushbu tadbir 18-19-may kunlari Tatariston poytaxtida boʻlib oʻtayotgan “Rossiya – Islom olami: Kazan Forum 2023” XIV xalqaro iqtisodiy forumi doirasida tashkil etildi.
Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyotining deyarli barcha jabhalarida halol yo‘nalishidagi sanoat turlari jadal rivojlanmoqda. “Halol” yorlig‘i mahsulotning yuqori sifati va ekologik tozaligi kafolati bo‘lib, iste’molchilar doirasining yanada kengayishiga xizmat qilmoqda.
Eksportni rag‘batlantirish agentligi ko‘magida tashkillashtirilgan O‘zbekiston Respublikasining ikkita milliy stendi iqtisodiyotning 8 ta tarmog‘i bo‘yicha yurtimizning eksport salohiyatini namoyish etmoqda. “Made in Uzbekistan” stendi ishtirokchilari orasida Madaniyat va turizm vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi, "O‘zkimyosanoat" AJ hamda “IT Park Uzbekistan” kabi kompaniyalar mavjud.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “Halol” yorlig‘iga ega mahsulotlar nafaqat mahalliy bozorni faollik bilan egallamoqda, balki boshqa mamlakatlarda ham o‘zini namoyon qilishga intilmoqda. Ko‘rgazma o‘zaro hamkorlik uchun qulay maydonga aylandi. Bu yerda ishlab chiqaruvchilar shu sohadagi raqobatchilari bilan foydali uchrashuvlar o‘tkazishlari, yangi destribyutorlarni topishlari va o‘zlarini xalqaro maydonda tanishtirishlari, xaridorlar esa yuqori sifatli tovar va xizmatlarning keng assortimentini ko‘rishlari mumkin.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh