Foto va Video

O‘zbekiston eng yirik “ITB Berlin 2024” turizm ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

07.03.2024 156

2024-yilning 5-7-mart kunlari Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari, turoperatorlar, onlayn platformalar, aviakompaniyalar va boshqa turizm sohasi mutaxassislarini bir joyda jamlagan dunyodagi eng yirik sayyohlik ko‘rgazmasi – “ITB Berlin” (Internationale Tourismus-Börse Berlin) ishida ishtirok etmoqda.

Berlindagi “Messe Berlin” ko‘rgazma majmuasida o‘tkazilayotgan tadbirda dunyoning 180 dan ortiq davlatidan 11 mingdan ziyod turizm va turdosh soha vakillari o‘z stendlari bilan ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmada mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi va GIZ-Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ko‘magida O‘zbekiston sayyohlik brendining milliy stendi tashkil etilib, unda ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari mamlakatimizning boy madaniyati, an’analari va urf-odatlari bilan yaqindan tanishmoqda.

Milliy stendda 30 dan ortiq mahalliy sayyohlik tashkilotlari o‘zlarining sayyohlik xizmatlari va mahsulotlarini namoyish etmoqda, jumladan, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati, “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi, “Rocket DMC Uzbekistan” kompaniyasi va Oʻzbekiston mehmonxona xoʻjaliklari uyushmasi mamlakatning yirik mehmonxonalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini xorijda targ‘ib qilish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan turizm sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Ko'rgazmada 400 dan ortiq ma'ruzachilar ishtirokida 200 dan ortiq panel sessiyalari o'tkazilishi rejalashtirilgan va tashrif buyuruvchilar soni 160 mingdan oshishi kutilmoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda Germaniyadan Oʻzbekistonga 29 608 nafar sayyoh tashrif buyurgan.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing