O‘zbekiston xalqi quvnoq va mehribon, samimiy va ochiqko‘ngil. U yangiliklarga intiladi, ayni paytda o‘z ildizlarini unutmaydi, boy tarix va azaliy an’analarni e’zozlab, avaylab-asraydi. O‘zbekistonliklar ko‘ngil ochishni yaxshi ko‘radilar va uni uddalaydilar, katta bayramlarni milliy musiqa sadolari ostida keng nishonlab, jo‘shqin raqslar ijro etadilar. Kuy-qo‘shiqlar, tansiq taomlar bilan to‘la dasturxon va xushchaqchaq kayfiyat - o‘zbekistonliklar milliy bayramlarni mana shunday o‘tkazadilar.
Agar sayohatingiz bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa, konsertlarni tomosha qilish, ko‘rgazmalarda qatnashish, yarmarkalarga tashrif buyurish va turli xil esdalik sovg‘alarini xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, siz milliy bag‘rikengliklikning guvohi bo‘lib, o‘zbek xalqi bilan quvonchli onlarni baham ko‘rasiz.
O‘zbekistonning milliy bayramlari O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida rasman belgilab qo‘yilgan davlat bayram kunlaridir. Ular orasida davlat va xalqaro bayramlar: Yangi yil, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik kuni, O‘qituvchi va murabbiylar kuni, Konstitutsiya kuni, shuningdek, o‘zgaruvchan sanali musulmon bayramlari mavjud.
Izoh