Foto va Video

Samarqandda UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazishga doir qaror qabul qilindi

11.03.2023 619

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Samarqandda BMT Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasini yuqori darajada o‘tkazishga doir qaror qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, UNWTO Bosh assambleyasining yubiley 25-sessiyasi 2023-yil 16–20-oktyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkaziladi.

“2023-yilda Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasini yuqori darajada tashkil etish va Shahrisabz shahrining “2024-yil Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” maqomini olishiga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorda tadbirni yuqori darajada o‘tkazish uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘rsatilgan.

Xususan, Bosh assambleya doirasidagi tadbirlarda qatnashadigan chet ellik mehmonlar uchun Samarqand haqidagi umumiy ma’lumotlarga ega maxsus qo‘llanma ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Qolaversa, qarorda “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi va madaniy meros obyektlari, turizm, ekoturizm infratuzilmasi hamda xalqimizning hayotini aks ettiruvchi foto va videomateriallar, “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” va boshqa mavzulardagi targ‘ibot materiallarini tayyorlash hamda keng tarqatish ko‘zda tutilgan.

Sessiyada yurtimizning qadimiy shaharlaridan biri – Shahrisabz shahri “2024-yil Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” maqomi uchun nomzod sifatida taqdim etiladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston 2021-yilda Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan UNWTO Bosh assambleyasining 24-sessiyasida tashkilotning yubiley 25-yubiley sessiyasiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi.


Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing