Foto va Video

Varshavada polyak tilida Yangi O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan jurnal chop etildi

08.08.2023 382

O‘zbekistonning Varshavadagi Elchixonasi tomonidan tayyorlangan rangli illyustratsiyali jurnal “Marshalak Holding” nashriyot-matbaa markazi tomonidan chop etildi.

Muqaddimada O‘zbekistonning tarixiga nazar tashlangan, turizm bo‘yicha statistik ma’lumotlar keltirilgan. Jurnalda yangi ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va hududlarni rivojlantirishni jadallashtirish, aholi farovonligini oshirish, mamlakatning investitsiya jozibadorligi va imidjini oshirish masalalarini hal etishga qaratilgan milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i maqomini berish alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston Prezidentining turizmni rivojlantirish, soha infratuzilmasi va normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish borasidagi yangi tashabbuslari belgilab qo‘yilgan. Turizm tizimini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, globallashuv sharoitida turizm salohiyatidan samarali foydalanish masalalari, sohani boshqarishning ustuvor yo‘nalishlariga alohida urg‘u berilgan.

Keyingi yillarda ilm-fan yutuqlari, IT-texnologiyalari, menejment va marketing sohasidagi ilg‘or tajribalardan foydalangan holda yangi turistik yo‘nalishlar, loyihalarni ishlab chiqish va yaratish bo‘yicha mutlaqo yangi yondashuvlar yaratilgani, ularning joriy etilishi aholi bandligini ta’minlash, uning daromadlarini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, mamlakat va hududlarning turizm imijini yaxshilash darajasini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tilgan. Raqamli texnologiyalar jadal joriy etilayotgan turizm sohasida erishilayotgan muvaffaqiyatlar va yangi yutuqlar bayon etilgan.

Shuningdek, ichki va xalqaro turizm bozorlarida yuqori sifatli va raqobatbardosh turistik mahsulotni shakllantirish va ilgari surish uchun shart-sharoitlar yaratish, turizmning ijtimoiy rolini kuchaytirish hamda turizmning ijtimoiy faolligini taʼminlash, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun turistik xizmatlar, dam olish va sog‘lomlashtirish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish orqali mamlakatimizda turizm va mehmondoʻstlik sanoatini tizimli ravishda qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari alohida taʼkidlangan.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan milliy manfaatlardan kelib chiqib, turizmning ko‘plab turlari – madaniy-ma’rifiy, sport, chang‘i sporti, etnik, tibbiy-balneologik, gastronomik, ishbilarmonlik, ziyorat turizmi, agroturizm, ekoturizm va boshqalarni rivojlantirish masalalari batafsil yoritilgan.

O‘zbekistonning asosiy sayyohlik yo‘nalishlari: “Toshkent – do‘stlik va iliqlik poytaxti”, “Samarqand – Sharq durdonasi”, “Buxoro – muborak shahar”, “Xiva – ochiq osmon ostidagi muzeylar shahri””, “Shahrisabz – Amir Temur vatani”, “Farg‘ona – ertaknamo vodiy markazi”, “Qo‘qon – buyuk davr vorisi”, “Rishton – O‘zbekistonning asosiy kulolchilik ustaxonasi” kabilarga alohida e’tibor qaratilgan.

Jurnalda buyuk ajdodlarimiz – Al Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Al Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiylarning boy tarixiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish asosida Yangi O‘zbekistonda turizmning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumotlar berilgan. Jurnal xotimasida mamlakatimiz milliy taomlari haqida ma’lumotlar taqdim etilgan, o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha amaliy maslahatlar berilgan.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing