Foto va Video

Sayfiddin Boharziy maqbarasi va Bayonqulixon maqbarasi

143

“Olijanob”, “Muhtaram maskan” mana shunday ta’riflar ostida Buxoro o‘rta asrlar musulmon Sharqida keng tanilgan. Qadim Buxoroning har bir toshida o‘tgan asrlarning nafasi seziladi.


Ko‘hna Buxoro bo‘ylab sayr qilar ekansiz, qadim Sharqning o‘tmish zamonlariga duch kelasiz, ko‘hna tarix nafasini his qilasiz. Bu yerda o‘z davrining buyuk va ilg‘or kishilari xotirasini saqlaydigan qadimiy obidalar saqlanib qolgan. Sayfiddin Boharziy va Bayonqulixon maqbaralari shular jumlasidandir. Sayfiddin Boharziy maqbarasi (XIII – XVI) – yodgorlik 1262-yilda vafot etgan shayx va ilohiyotchi alloma nomi bilan bog‘liq. U fors va arab tillarida ijod qilgan so‘fiy shayx va shoir edi. Bizning davrimizga qadar uning savodxonlik va ta’lim-tarbiya namunalariga aylangan asarlari saqlanib qolgan.

Sayfiddin Boharziy buyuk Najimiddin Kubroning shogirdi edi. Boharziy umri davomida bag‘rikenglik, iymon-e’tiqod g‘oyalarini targ‘ib qilgan, shuningdek, mo‘g‘ul xoni Berkaxonning islom dinini qabul qilishiga hissa qo‘shgan.

Maqbara ikki xonadan iborat: biri namoz o‘qiladigan joy (zioratxona), ikkinchisi maqbara (go‘rxona). Keyinchalik qurilgan katta dahliz binoga ulangan. Ikkala tomonda ikkita katta minora bor, ularning ichida tomga o‘tish joylari mavjud. Maqbaraning ichki qismi baland gumbazlarning nogʻoralarida o‘rnatilgan derazalar orqali moʻjizaviy tarzda yoritilgan. 

Bayonqulixon (XIV) maqbarasi 1358-yilda Samarqandda oʻldirilgan Chigʻatoy ulusining Chingiziy hukmdori Bayonqulixon qabri ustida qad koʻtargan. Bayonqulixon Boharziyni o‘z ustozi deb atagan, uning izdoshi bo‘lgan va Boharziy g‘oyalarini ilgari surishda davom etgan.

Bayonqulixon maqbarasi ikki xonaga – katta va kichik xonalarga bo‘lingan. Birinchisida serhasham mayolikali qabr toshi bor edi. Ikkinchi xona pastak gumbaz bilan qoplangan. Maqbara dahlizi sirlangan koshinlar bilan bezalgan.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring