Surxondaryoning arxeologik yodgorliklari

10818

Surxondaryo – O‘zbekistonning eng janubiy mintaqasi, yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida dunyoning ko‘plab arxeologlari va sayyohlarini o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Va bu tasodif emas. Yaqinda o‘zining 2700 yilligini nishonlagan ko‘hna Termiz shahri qadimiy tarixiy obidalar, jumladan, Fayoztepa, Kampirtepa, Dalvarzintepa, Qoratepa va Ayritom shaharlari bilan o‘ralgan.

Buddaviylik majmualari

1968- yilda qadimgi Termiz hududida Budda haykali topildi va o‘sha vaqtdan buyon bu yer ko‘plab arxeologlar tomonidan o‘rganiladigan asosiy obyektga aylanib, buning natijasida keyinchalik qadimgi buddaviylik ibodatxonalari majmualari kashf etildi, shu jumladan Fayoztepa (mil. av. 1-asr – milodiy 3-asr), Kampirtepa, Qoratepa. Qadimgi musiqachilarning tasviri tushirilgan mashhur Ayritom frizining kashf etilishi ushbu mintaqa bir vaqtlar buddaviylik targ‘ib qilinganligining dalili bo‘lib xizmat qildi va ellinistik madaniyat unsurlari aniqlandi. Hozirda frizning terrakota-barelyeflari Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida saqlanmoqda.

Fayoztepa buddaviylik ibodatxona majmuasi o‘zbek olimi, mahalliy o‘lkashunoslik muzeyi direktori R.F.Fayozov sharafiga nomlangan. U ushbu obyektni o‘rganish tashabbuskori va hatto bu ibodatxonani kashf etganlardan biridir. R.F.Fayozov dunyo ilm-fanining eʼtiborini qadimiy obyektga jalb qilish uchun ko‘p harakat qilgan. Fayoztepaning kashf etilishi qadimgi buddaviylik obyektlarining yangilarini kashf etish uchun birinchi turtki bo‘ldi.


Dalvarzintepa - Kushon podshohlarining qarorgohi

Kushon imperiyasi davridagi (eramizning I-IV asrlari) yodgorliklar orasida Termizdan 60 km uzoqlikda, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan qadimgi Dalvarzintepa shaharchasi alohida o‘rin egallaydi.

Ushbu obyektni batafsil o‘rganish 1967 yilda tarixchilar Galina Pugachenkova va M.E. Masson tomonidan boshlangan. Qadimgi shaharning shimoliy qismida Baqtriya maʼbudi ibodatxonasi va noyob rasmlar topilgan. Miloddan avvalgi I asrning boshlarida barpo etilgan budda ibodatxonasining xarobalari topilgan, bu O‘zbekistondagi eng qadimgi buddaviylar binosi hisoblanadi. Kushon imperiyasi davrida bu yerda shaharlar, tumanlar va turar-joylar gullab-yashnagan.

1972 yilda ko‘hna shaharchaning qadimgi mavzelari o‘rganilayotganda, uy deb taxmin qilinayotgan binolardan birida, og‘irligi 36 kg bo‘lgan oltin buyumlar xazinasi topilgan. O‘zining ilmiy ahamiyatiga ko‘ra Dalvarzin xazinasi Britaniya muzeyida saqlanayotgan mashhur Amudaryo xazinasidan qolishmaydi.

Yaqinda Toshkentda mashhur Dalvarzin xazinasi to‘plamiga taalluqli buyumlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu joyda olib borilgan qazish ishlari davomida turli xil fil suyaklaridan yasalgan osori-atiqalar, alohida ahamiyat kasb etadigan dunyodagi eng qadimgi shaxmat donalari (mil. avv. 1-2 asr), qadimgi Yunon-Baqtriya davriga oid qimmatbaho toshlar, tangalar, mayda sopol buyumlar topilgan.



Yoqotilgan shahar

Amudaryo sohilida Termizdan 30 km uzoqlikda qadimiy Kampirtepa shahrining xarobalari joylashgan. 2018-yilda arxeolog olimlar Iskandar Zulqarnaynning qarorgohi bo‘lmish Oksdagi (Amudaryoning qadimgi nomi) Iskandariya qadimgi shahri aynan shu yerda joylashganligini isbotladilar. Buyuk sarkardaning kelishi davriga oid yangi ob’yektlar va madaniy qatlamlarning kashf etilgani bunga dalil bo‘lgan. Kampirtepa shahri – xandak bilan o‘ralgan ark bo‘lib, ichki shahri minorali mustahkam qal’a devori bilan o‘ralgan. Qadimgi shaharning qal’asida odamlar miloddan avvalgi IV asr oxirlarida yashab boshlashgan. Ichki shahar esa milodiy I asrning boshlarida qurilgan bo‘lib,  milodiy II asrda bu hududda Kushon podsholigi tashkil topgunga qadar mavjud bo‘lgan.

Antik davridagi shahar-bandargohning hududida olimlar ob’ektlarni saqlab qolish uchun noyob ishlarini olib borishdi. Hozirda Kampirtepa qal’asi  YUNESKO ning butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Ayritom frizi

Termizdan 18 kilometr sharqda qadimiy Ayritom qalʼasi joylashgan. Buddaviylik dinining eramizning boshlarida O‘rta Osiyoga kirib kelishi bilan bu yerda buddaviylik diniy yodgorliklarning qurilishi boshlanadi. Aslida, buddaviy din yodgorliklari Yunon-Baqtriya binolari xarobalarida barpo etilgan.

Kushon podsholigi davrida bu yerda Amudaryo sohilidagi qariyb 3 km uzunlikdagi katta buddaviylik ibodatxonasi va monastir markazi qurilgan. III asrning ikkinchi yarmida Ayritom parchalanib ketadi va qayta tiklanmaydi.

Akademik M.E. Masson rahbarligida 1932 yilda Amudaryoning tubidan odamlar tasviri tushirilgan friz parchalari topilgan. Bir yil o‘tgach, yana 7 ta frizning parchasi va buddaviylik ibodatxonasining xarobalari topildi. Tasvirlar bizning eramizning 1-2 asrlariga tegishli bo‘lib, ularda musiqiy asboblarni chalayotgan musiqachilar, shuningdek qo‘llarida mevali idishlarni ushlab turgan, boshlarida gulchambar taqib olgan o‘g‘il va qizlar aks ettirilgan. Ayritom frizlarida Budda bilan xayrlashish sahnasi (Paranirvana Jataka) aks etgan. Hind afsonalariga ko‘ra, “marhum Buddani besh musiqa asbobining yoqimli ohanglari ostida kuzatilishi, donatrislar esa uni oxirgi safarga xushbo‘y gullar bilan birga olib borishi kerak”.

Qirq-Qiz qalʼasi

Eski Termizdan 3 kilometr g‘arbda qadimiy qalʼa joylashgan. Arxeologlar qalʼa qurilishining taxminiy sanasini belgilab berishgan: 9-10 asrlar, ammo XIV asrga qadar qasr bir necha bor qayta qurilgan. XX asr boshlarida boshlangan qazishmalar va tadqiqotlar davomida bu yerda ko‘plab osori-atiqalar topildi: uy anjomlari parchalari, tangalar, gipsli haykallar va boshqalar.

Qirq-qiz qalʼasi bilan qadimgi afsona bog‘liq. Bir vaqtlar bu qalʼada jasur malika Guloyim 40 nafar dovyurak jangovar hur qizlardan iborat kanizaklari bilan birga yashagan. Qadimiy qalʼaning nomi mazkur qizlar nomidan kelib chiqqan. Jasur hur qizlar o‘zlarining qalʼalarini va bekalarini qattiq himoya qilganlar, dushmanlarning hujumlarini qaytarib, erkaklarning yaqin kelishiga yo‘l qo‘ymaganlar.

Ammo bir kuni Kokildor-ota ismli yigit qalʼaga kirishga muvaffaq bo‘ldi. U sochlarini uzun qilib o‘stirdi va shu tufayli qalʼaga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Yigitning ayyor rejasi tezlikda oshkor bo‘ldi, malika esa unga oshiq bo‘lib,ular ajoyib to‘y o‘tkazdi.

Balkim shuning uchun Qirq-Qiz qalʼasining xarobalari yengib bo‘lmaydigan qalʼaga o‘xshaydi. Lekin aslida bino keng yo‘lakli va ko‘p sonli xonalari bo‘lgan katta saroylardan biri edi.

Agar siz qadimiy qalʼani ziyorat qilsangiz, ilgari mahalliy chillaxona vazifasini o‘tagan g‘ayrioddiy xonaning qoldiqlarini ko‘rishingiz mumkin. U yerda hanuzgacha shoxlariga mayda matochalar bog‘lab qo‘yilgan eski daraxt bor. Afsonaga ko‘ra, onalik baxtiga erishish istagida bo‘lgan farzandsiz ayollar bu yerga kelib, zurriyot uchun ibodat qilib, bo‘lg‘usi bolalarning ismlari yozilgan kichik matochalarni daraxt shoxiga bog‘lab qo‘yadilar.

Sharxlar

0

O‘z fikringizni qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Kirish orqali siz shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga rozilik bildirasiz

Shuningdek ko‘ring