Foto va Video

Toshkent botanika bog'i

33264

Akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i MDH hududidagi eng katta va eng qadimiy tabiiy bog‘lardan biridir. Hozirgi kunda botanika bog‘i O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi instituti (avvalgi O‘zbekiston Respublikasi  Fanlar akademiyasining botanika instituti)ga tegishli.

Umuman olganda, O‘zbekistondagi birinchi botanika bog‘i 1920-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti talabalari va olimlari tomonidan yaratilgan edi. Bog‘ qadimgi Anhor kanali yoqasida, Turkiston general-gubernatori qarorgohidagi parkda joylashgan bo‘lib, foydali yovvoyi o‘simliklarni o‘rganish uchun yaratilgan edi.

Bugungi kunda 67 gektarlik zamonaviy bog‘ maydoni poytaxtning shimoliy qismidagi turar joy hududida joylashgan. Bu yerda yana Toshkent hayvonot bog‘i ham bor.

Botanika bog‘i yilning istalgan vaqtida juda go‘zaldir. Bog‘ning betakror iqlimi tufayli bu yerda dunyoning besh tarafi – Markaziy Osiyo, Sharqiy Osiyo, Uzoq Sharq, Yevropa va Shimoliy Amerikaning o‘simliklar dunyosidan bahramand bo‘lish mumkin.

Bog‘ kolleksiyasida 6000 dan ortiq o‘simliklar turlari mavjud bo'lib, bular: 170 ta ignabargli daraxtlar, 800 ga yaqin tropik va subtropik o‘simliklar, 2000 dan ortiq ko‘p yillik o‘simliklar turlaridir.

Botanika bog‘i hududida sun’iy suv havzalari joylashgan bo‘lib, Oqqo‘rg‘on kanalidan chiqadigan suv bog‘ning qulay joylashishi evaziga ko‘chatlarga o‘zi oqib kelmoqda. Bu holat madaniy o‘simliklarning saqlanishi va ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Toshkent botanika bog‘ining ilmiy xodimlari tomonidan bir necha o‘n yillar davomida o‘simliklarni O‘zbekistonga ko‘chirib olib kelish, shuningdek, mahalliy turlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha katta ilmiy tadqiqotlar olib borildi.

Hozir esa bu yerda uy sharoitida ishlatilishi mumkin bo‘lgan yangi turlar kashf qilinmoqda va o‘simlik dunyosi vakillarining yangi turlari ishlab chiqilmoqda. Iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lgan yangi o‘simliklarga katta e’tibor berilmoqda, yangi noyob va qiyin o‘sadigan turlar, dorivor hamda gulli va manzarali o‘simliklar o‘rganilmoqda.

Manzarali va mevali daraxtlar, turli xil rezavor butalar, dorivor o‘simliklar mamlakatimiz botaniklari uchun tadqiqot masalasi bo‘lsa, oddiy mehmonlar uchun go‘zallik mavzusidir.

Bu yerda ko‘kalamzorlashtirish uchun yirik bargli jo‘ka daraxti, Lenkoran akatsiyalari, lola daraxti, xitoy teraklari, noyob emanlar ko‘chatlari; ko‘p yillik piyozli o‘simliklar – lola, sunbul, za’far hamda ildizli o‘simliklar – gulsapsar, piongul, gibridli gibiskusning 90 dan ortiq turlari yetishtiriladi.

Toshkentning Botanika bog‘ida poytaxtimizga uchib keladigan 30 dan ortiq turdagi ekzotik qushlarni uchratishingiz mumkin.

Bog‘ning hududida siz turli xil o‘quv ekskursiyalarida ishtirok etishingiz, fotosessiyalar, videotasvirlarni amalga oshirishingiz, velosiped va rolikli konkida sayr qilishingiz (bu yerda ijara xizmati taqdim etiladi), tabiat qo‘ynida dam olishingiz hamda o‘zingiz uchun o‘simliklarning kamyob va manzaralai turlarini xarid qilishingiz mumkin.

Onlayn sayohat

 

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring