Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Xiva shahrida “Lazgi” III xalqaro raqs festivali

29.04.2026 17

Mamlakatimizning boy raqs sanʼati tarixida alohida oʻrin egallagan “Xorazm lazgi raqsi” oʻziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir. YUNESKO tomonidan “Xorazm lazgi raqsi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganligi ham uning betakror sanʼat ekanligidan dalolat beradi.

27-aprel kuni Xivaning “Ichan-Qal’a” majmuasida “Lazgi” III xalqaro raqs festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining festival ishtirokchilariga bayram tabrigi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan rasman o‘qib eshittirdi.

“Lazgi” III xalqaro raqs festivalining tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etildi. 

2026-yilda uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan III “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan 300 dan ziyod iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalari, raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ishtirok etmoqda.

Festival doirasida xorijiy va mahalliy raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar va faxriy mehmonlar ishtirokida “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. 

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya madaniy qo‘shma komissiyasining III yig‘ilishi, TURKSOY a’zosi davlatlarning san’at va raqsi oliy o‘quv yurtlari rektorlarining III yig‘ilishi, “Turk dunyosining an’anaviy raqsi antologiyasi” mavzusida konferensiya, “Etnomadaniy forum”lar o‘tkazildi.

2022-yildan buyon YUNESKO shafeligida o‘tkazilayotgan, “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga 2026-yildan boshlab TURKSOY xalqaro tashkiloti ham shafelik qiladi. 

Festival doirasida faol ijrochilarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan “Eng yaxshi raqs”, “Eng yaxshi xoreograf”, “Eng yaxshi yosh raqqosa (raqqos)” kabi nominatsiyalar boʻyicha ishtirokchilar tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, festivalning har bir ishtirokchisiga “Lazgi” xalqaro raqs festivali ishtirokchisi” sertifikati taqdim etiladi.



Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar