Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Sanni Ip: O‘zbekiston Gonkong va Xitoydan sayyohlarni jalb qiladigan yangi markazga aylanishi mumkin

03.06.2026 24

Gonkongning ko‘plab aholisi uchun Markaziy Osiyo jahon sayyohlik xaritasida hamon no‘malum bir diyor bo‘lib qolmoqda. Sayohatchilar Yaponiya, Janubiy Koreya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini allaqachon o‘zlashtirib bo‘lgan bir paytda, tarixiy Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan davlatlar endigina yangi yo‘nalishlar va chuqurroq madaniy tajriba izlayotgan sayyohlar avlodining e’tiborini torta boshladi.

Bu o‘zgarishni kuzatib borayotganlar safida Gonkongning xalqaro turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri — Goldjoy Group turistik xoldingi rahbari Sanni Ip ham bor. Kompaniya o‘ttiz yildan oshiq vaqtdan beri xorijiy yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda osiyolik sayyohlar uchun yangi bozorlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Ipning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqish asta-sekin tajribali sayohatchilarning tor doirasidan chiqib, kengroq tendensiyaning bir qismiga aylanib bormoqda. 2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga Xitoydan 130 mingdan ortiq sayyoh kelgan, bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 78 foizga ko‘pdir. Gonkong va materik Xitoydan kelayotgan sayyohlar soni tobora ortib, ular nafaqat diqqatga sazovor joylarni, balki kashfiyot hissini ham taqdim eta oladigan yo‘nalishlarni izlamoqda.

“Odamlar yangi narsalarni ko‘rishni xohlashadi, - deydi u. – Ular boy tarix, o‘ziga xos madaniyat va boshqa hech bir joyda qaytarib bo‘lmaydigan muhitga ega maskanlarni izlaydi”.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston ancha yutuqli mavqega ega. Garchi Samarqand, Buxoro va Xiva Ipak yo‘li tarixchilari hamda tadqiqotchilariga azaldan ma’lum bo‘lsa-da, Sharqiy Osiyolik ommaviy sayyohlar uchun mamlakatimiz hamon yangi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda..

Gonkong – Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarining ochilishi

Ekspert bu jarayonni tezlashtirishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri sifatida transport qulayligini tilga oladi. Bugungi kunda Gonkong va Toshkent o‘rtasidagi safar odatda boshqa reysga o‘tishni talab qiladi va 16 soatgacha vaqtni oladi. Ipning fikricha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.

«Yo‘lga sarflanadigan vaqt deyarli ikki barobar qisqarsa, yo‘nalish o‘z-o‘zidan ancha kengroq auditoriya uchun yanada ommabop bo‘lib qoladi», — deb ta’kidlaydi u.

Singapur va Dubay kabi shaharlar tajribasi aviaqatnovlarning sayyohlar oqimiga naqadar jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yaqqol namoyon etadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘nalishlarning rivojlantirilishi nafaqat turizmni rag‘batlantiradi, balki ishbilarmonlik aloqalari, sarmoyaviy hamkorlik va xalqaro miqyosda tanilishni mustahkamlashga ham hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston uchun Gonkong bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa nafaqat Osiyoning eng yirik aviatsiya markazlaridan biriga chiqish, balki butun mintaqadan sayyohlar auditoriyasiga kirish imkonini beradi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Gonkongga qulay yo‘nalishning mavjudligi aslida Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga eshiklarni ochadi.

Shu bilan birga, Toshkent nafaqat so‘nggi manzil, balki Markaziy Osiyo bo‘ylab Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga keyingi safarlarni amalga oshirish uchun mintaqaviy hab vazifasini ham o‘tay oladi.

Vizasiz rejim va sayohatchilar uchun yangi imkoniyatlar

Sanni Ip viza siyosatini ham xuddi shunday muhim omil deb biladi. Ayni paytda Gonkong fuqarolari O‘zbekistonda o‘n kungacha vizasiz bo‘lib turishi mumkin. Mutaxassisning fikricha, mintaqa bilan tanishish uchun uzoq masofa bosib keladigan sayyohlar uchun bu muddat ko‘pincha juda qisqalik qiladi.

“Agar inson yarim qit’ani uchib o‘tayotgan bo‘lsa, u imkon qadar ko‘proq narsani ko‘rishni va mamlakat madaniyatiga chuqurroq sho‘ng‘ishni istaydi”, – deydi Sanni Ip.

Vizasiz bo‘lish muddatini 30 kungacha uzaytirish sayyohlarga nafaqat Toshkent, Samarqand va Buxoroni, balki Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysi kabi mamlakatning unchalik mashhur bo‘lmagan hududlarini ham o‘z ichiga olgan uzoqroq marshrutlarni qurish imkonini beradi. Uzoqroq qolish, odatda, mamlakat ichidagi xarajatlarning yuqori darajasini anglatadi, bu esa bunday choralarni ham sayyohlar, ham iqtisodiyot uchun foydali qiladi.

Mintaqaga qiziqish ortib borayotganiga qaramay, Markaziy Osiyo hamon Osiyo bozorlarida tanilish muammosiga duch kelmoqda. Gonkong aholisining ko‘pchiligi mintaqa mamlakatlari haqida juda cheklangan tasavvurga ega. Eng keng tarqalgan to‘siqlar orasida axborot yetishmasligi, til qiyinchiliklari va saqlanib qolayotgan stereotiplar mavjud. Ekspert xitoy tilini biladigan turizm sohasi mutaxassislari sonini ko‘paytirishni amaliy yechimlardan biri deb hisoblaydi.

“Xitoy tilida butun dunyo bo‘ylab bir yarim milliardga yaqin odam so‘zlashadi. Ona tilida ma’lumot olish, ekskursiyaga buyurtma berish yoki yordam so‘rash imkoniyati sayohatni ancha qulaylashtiradi," - deydi u.

Sanni Ipning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan muhim omil — bu mamlakat turizm infratuzilmasining jadal rivojlanib borayotganidir. So‘nggi yillarda mamlakatda mehmonxonalar tarmog‘i sezilarli darajada kengaydi, shaharlar o‘rtasidagi transport aloqalari yaxshilandi, shuningdek, xalqaro mehmonlarga mo‘ljallangan yangi turistik obyektlar va xizmatlar paydo bo‘ldi.

Biroq mutaxassisning ta’kidlashicha, birgina infratuzilmani rivojlantirishning o‘zi kifoya qilmaydi. Keyingi bosqich O‘zbekiston va Markaziy Osiyoni Osiyo bozorlarida yanada faolroq targ‘ib qilishdan iborat bo‘lishi lozim.

“Mamlakatni sayyohlar uchun qulay qilish bilangina cheklanib qolmay, u haqda dunyoga so‘zlab berish ham muhim,” — deydi Ip. — “Havo qatnovini kengaytirish Gonkong va Xitoylik sayyohlar orasida mintaqaning tanilishini oshirishga yordam beradigan qo‘shma marketing tashabbuslari bilan birga olib borilishi lozim.”

Mehmondo‘stlik, madaniyat va zamonaviy taraqqiyot

Biroq Ipning fikricha, aynan o‘ziga xoslik tuyg‘usi O‘zbekistonning asosiy ustunligi bo‘lib qolmoqda.

“Bu yerdagi odamlar g‘oyat ochiqko‘ngil va mehmondo‘st. Bu shunday joyki, unda qadimiy tarix nafaqat muzeylarda, balki kundalik hayotda ham yashaydi”, — deydi u.

Gonkonglik sayyohlar uchun tarixiy Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab o‘z sayohatini davom ettirish imkoniyati alohida qiziqish uyg‘otadi. Ko‘pchilik bu merosning Xitoy qismi bilan allaqachon tanish va Markaziy Osiyoni mazkur yo‘nalishning tabiiy davomi sifatida tobora ko‘proq ko‘rib chiqmoqda.

Tarixiy yodgorliklardan tashqari, O‘zbekiston zamonaviy sayyohlar uchun borgan sari qadrli bo‘lib borayotgan tajribalarni taklif etadi: mahalliy madaniyatga sho‘ng‘ish imkoniyati, jahon darajasidagi me’morchilik, gastronomik an’analar va sayohatning nisbatan hamyonbopligi.

Mehmonxona infratuzilmasi, transport tarmog‘i va turistik xizmatlar rivojlanib borgani sari mamlakat xalqaro bozordagi o‘z mavqeyini bosqichma-bosqich mustahkamlamoqda.

“O‘zbekiston Gonkong va Xitoydan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun eng jozibador madaniy yo‘nalishlardan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega, — deb hisoblaydi Ip. — Mamlakatning salohiyati ulkan. Masala shundaki, dunyo bu haqda qanchalik tez xabar topadi”.

Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar