Foto va Video

Yilning eng yirik avtomobil tadbiri Toshkentda boʻlib oʻtdi

25.09.2023 300

2023-yilning 23-24-sentyabr kunlari Toshkent shahridagi “Food City” bozori hududida “MotorFestUz2023” III O‘zbekistonda avtomobil madaniyati va motorsport festivali bo‘lib o‘tdi.

Festival O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi ko‘magida “SANRUH-SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etildi.

O‘zbekiston tarixida ilk bor “MotorFestUz2023” xalqaro avtomobil festivali doirasida FIA (Xalqaro avtomobil federatsiyasi) va Markaziy Osiyodan professional sportchilar ishtirokida “Drift” rasmiy avtosport musobaqalari o‘tkazildi.

“MotorFestUz2023” doirasida, shuningdek, Food-festival boʻlib oʻtdi, unda Toshkent shahri aholisi va mehmonlari tomonidan e’tirof etib kelinayotgan milliy va Yevropa taomlarining eng yaxshi mahalliy brendlari ishtirok etdi. Food-festival davomida turli o‘yinlar o‘tkazildi va nominatsiyalar taqdim etildi.

Shuningdek, festival doirasida avtomobillar ko‘rgazmasi, respublikamizning taniqli san’atkorlari va didjeylarining konsert dasturi, milliy raqslar, ishtirokchi g‘oliblarni taqdirlash marosimi, ko‘ngilochar shou dasturlari namoyish etildi.

Loyiha mamlakatimizda avtomobil madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning gastronomik salohiyatini namoyish etish va targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, buning natijasida festival mehmonlari milliy madaniyatga sho‘ng‘ib, o‘ziga xos dasturdan bahramand bo‘ldilar. Qolaversa, bunday festivallarning O‘zbekistonda yuqori saviyada o‘tkazilishi, shubhasiz, jahon hamjamiyatining e’tiborini tortadi, bu esa pirovardida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib etishga, mamlakatimizga sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etishga xizmat qiladi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing