Foto va Video

Isroilning "IMTM" 2023 koʻrgazmasida Oʻzbekiston milliy stendi namoyish etiladi

13.02.2023 613

14-15-fevral kunlari Isroilning Tel-Aviv shahrida IMTM-2023 Xalqaro O‘rtayer dengizi sayyohlik yarmarkasi (The International Mediterranean Tourism Market) bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” AJ, O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari, jumladan, Orient Mice, Dolores Travel Services, Sanat Travel experts va Next tour xodimlari tomonidan taqdim etiladi.

IMTM xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi Isroilning turizm sanoati uchun professional ko‘rgazma va Sharqiy O‘rtayer dengizidagi eng muhim va yirik sayyohlik yarmarkasi hisoblanadi. Ko‘rgazma Isroil turizm vazirligi, mehmonxonalar assotsiatsiyasi, sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi va turoperatorlari assotsiatsiyasi ko‘magida o‘tkaziladi.


Bu yil IMTMda Belarus, Chernogoriya, Vengriya, Fransiya, Gretsiya, Ozarbayjon, Portugaliya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Litva, Turkiya, Slovakiya, Gruziya, Janubiy Koreya, Chexiya, Ispaniya kabi davlatlar o‘z stendlarini ochdilar. Umuman olganda, ko‘rgazmada 25 800 dan ortiq mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, IMTM-2023 doirasida Tel-Avivda Global sayyohlik innovatsion forumi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston delegatsiyasining IMTM-2023 ko‘rgazmasidagi ishtiroki O‘zbekiston Respublikasining Isroildagi Elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etildi.

Joriy yilda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan boy madaniy va ishbilarmonlik dasturi tayyorlandi.

14-fevral kuni Expo Center Tel Aviv ko‘rgazma markazi hududida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi – “Milliy PR-markazi” DUKning “Uzbekistan - The Crossroad of Civilizations. Tourism Potential of Uzbekistan” mavzusida taqdimoti hamda mashhur o‘zbek oshpazi Bahriddin Chustiy va Buxoro yahudiylarining avlodidan bo‘lmish isroillik oshpaz Yisrael Aharoni tomonidan “Gastronomy of Uzbekistan” mavzusidagi qo‘shma taqdimotlari o‘tkaziladi. Taqdimot yakunida taniqli oshpazlardan mahorat darsi va o‘zbek milliy taomlarini tatib ko‘rish marosimi o‘tkaziladi. Shuningdek,O'zbekiston xonandalari va sozandalarining milliy, musiqiy chiqishlari bo'lib o'tadi.


15-fevral kuni Ennis Culture Centre madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston IMTMda 2017-yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Shu davrdan boshlab O‘zbekiston ushbu forumda an’anaviy ravishda o‘zining boy sayyohlik salohiyatini namoyish etib kelayotgan nufuzli xalqaro ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchilari qatoriga kiradi. IMTM-2023 xalqaro ko‘rgazmasi davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Isroil turoperatorlari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari, qo‘shma turlarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar va joriy yilning noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan TXTY-2023 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish shartlari bilan tanishish kutilmoqda.


Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing