Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi majmua — zamonaviy Marg‘ilonning yangi ramzi

16

Farg‘ona vodiysining so‘lim go‘shasida joylashgan qadimiy Marg‘ilon shahri asrlar davomida mintaqaning savdo-sotiq, hunarmandchilik va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Buyuk ipak yo‘lining muhim manzillaridan biri sifatida tanilgan shahar ipakchilik an’analari, milliy hunarmandchiligi va boy madaniy merosi bilan shuhrat qozongan. Bugungi kunda Marg‘ilon tarixiy merosini avaylab asrash bilan birga, zamonaviy turizm infratuzilmasini ham izchil rivojlantirmoqda. Shaharning yangi diqqatga sazovor maskanlaridan biri — Navro‘z mahallasida joylashgan Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi ilmiy-ma’rifiy va turistik majmuadir. Majmua 2026-yil 27-aprelda ochilgan bo‘lib, 35 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda Farg‘ona vodiysining tarixi va an’analari bilan tanishtiruvchi madaniy, ma’rifiy va turistik obyektlar yagona maskanda jamlangan. Majmuaga islom huquqshunosligi tarixida muhim o‘rin tutgan buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniy nomi berilgan. Uning boy ilmiy merosi islom huquqi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Majmua hududida Islom huquqshunosligi instituti, Maqom teatri, Marg‘ilon o‘lkashunoslik muzeyi, Otabek va Kumush uyi, ochiq osmon ostidagi amfiteatr, musiqali favvoraga ega sun’iy ko‘l, shuningdek, shoirlar va san’at namoyandalari xiyoboni joylashgan. Ushbu obyektlar sayohatlar, madaniy tadbirlar va oilaviy hordiq chiqarish uchun yaxlit maskanni tashkil etadi. Majmuaning alohida e’tiborga molik maskanlaridan biri — Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tkan kunlar” romani qahramonlariga bag‘ishlangan Otabek va Kumush uyidir. Bu yerda “O‘tkan kunlarga nazar!” nomli teatrlashtirilgan tomoshalarni namoyish etish rejalashtirilgan. Ushbu sahna ko‘rinishlari tashrif buyuruvchilarga asar muhitiga sho‘ng‘ish, o‘tmishdagi milliy urf-odatlar, turmush tarzi va madaniyat bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Majmuaning turistik infratuzilmasi hunarmandchilik ustaxonalari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, restoran hamda kafelar bilan boyitilgan. Loyiha doirasida tadbirkorlar tomonidan 32 ta shunday obyekt, shuningdek, mehmonxona, savdo majmuasi va balandligi 27 metr bo‘lgan minora barpo etilgan. Kutilishicha, majmua yiliga 200 mingdan 250 ming nafargacha xorijiy sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa Farg‘ona vodiysida madaniy va ma’rifiy turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi ilmiy-ma’rifiy va turistik majmua Marg‘ilon shahri hamda Farg‘ona vodiysining sayyohlik yo‘nalishlarini yangi manzil bilan boyitib, tarixiy meros, milliy an’analar va zamonaviy dam olish maskanlarini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Bu yerga tashrif buyurgan sayyohlar mintaqaning adabiy va musiqiy an’analari bilan tanishish, yangi diqqatga sazovor joylarni kashf etish hamda qadimiy Marg‘ilonning o‘ziga xos muhitini his qilish imkoniga ega bo‘ladilar.

Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar