Foto va Video

Mustaqillik maydoni

233

Bu nafaqat Toshkentning, balki butun O‘zbekistonning asosiy maydonidir. Katta va keng, qalin ko‘kalamzor bilan o‘ralgan va son-sanoqsiz favvoralar bilan bezatilgan maydon ikkita tarixiy markazni - Eski shahar va Toshkentning yangi qismini birlashtiradi. Maydonning markazida “Mustaqillik va ezgulik” yodgorligi o‘rnatilgan bo‘lib, uning ustiga milliy suverenitetimizni dunyo tomonidan tan olinishining ramzi sifatida respublikamiz hududi o‘yib tushirilgan sayyora tasvirlangan bronza shar o‘rnatilgan. Pastki qismida esa –“Baxtiyor ona” haykali.

Yodgorlik haykaltaroshlar Ilhom va Kamol Jabborovlar tomonidan yaratilgan. Mehribon yuzli va ko‘zlari baxtdan porlagan oddiy o‘zbek ayoli Vatan, hayot va donishmandlik timsolidir. Uning ko‘zlari har qanday onaning hayotidagi eng qimmatbaho boylik – yosh mustaqil millatning tug‘ilishini anglatuvchi farzandiga qaratilgan. U o‘zining bebaho xazinasini ehtiyotkorlik bilan ushlab turibdi va farzand ishonchli qo‘llarda. “Baxtiyor ona” haykalining bo‘yi 6 metr, bola haykalining uzunligi esa 3,5 metr.

Biz farzandini avaylab bag‘riga bosib, unga mehr bilan qarab turgan baxtli onaning qiyofasi namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. Yodgorlik tinchlik, farovon hayot, baxtli kelajakka ishonch hamda hozirgi va kelgusi avlodlar uchun baxtni anglatadi. Bu, shuningdek, demokratiya va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etayotgan, inson huquqlari va manfaatlarini ustuvor deb e’lon qilgan mamlakatda ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmatning ifodasidir.

Umumxalq bayramlari va tantanali marosimlarda, sportchilarimizni yirik xalqaro musobaqalarga kuzatish yoki yurtimizda yirik xalqaro ko‘rik-tanlov va musobaqalarni o‘tkazish oldidan ushbu obida poyiga gulchambarlar qo‘yish an’ana tusini oldi. Shuningdek, yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy mamlakatlarning rahbarlari, turli darajadagi delegatsiyalar vakillari va boshqa mehmonlar ham Monument poyiga gulchambar qo‘yib, mustaqil O‘zbekistonimizga hurmatini ifoda etadi. Ushbu yodgorlik bilan bir qatorda Ezgulik arkasi - yaxshi va ezgu intilishlar yoyi joylashgan.


Mustaqil hayot ostonasi sari odimlayotgan kelin-kuyovlar ezgu niyat bilan Ezgulik arkasidan o‘tib, pok niyat va go‘zal amallar ramzi bo‘lgan oq marmarlardan yurib, Baxtiyor ona poyiga gul qo‘yarkan, uning siymosida o‘zining beg‘ubor, bokira orzularini ko‘rgandek bo‘ladi. Ezgulik arkasining uzunligi 150 metr, ustunlarning balandligi 10 metr, markaziy ustunning balandligi esa 12 metr. Oq quvurlardan yasalgan o‘n oltita ustun ustunlarning yuqori qismiga quyoshda porlab turadigan metall shift bilan bog‘langan. Arka tepasidagi oppoq laylaklar tinchlik-osoyishtalik, musaffo osmonimiz timsoli, qanot qoqayotgan turnalar esa bugunidan ma’no topib, farovon turmush kechirayotgan xalqimizning ertangi kun, ulug‘vor maqsadlar, yuksak marralar sari intilayotganiga ishora.

Arkaning baland va mustahkam ustunlari – mustaqil mamlakatimizning baquvvat tayanchlari ifodasidir. Arkadan o‘tgan har bir kishi, xuddi muqaddas dargoh ostonasidan o‘tgandek bo‘ladi.

1966-yilgi zilziladan so‘ng Toshkent shahrining bosh rivojlanish rejasiga muvofiq maydon to‘liq qayta qurildi. Qayta ta’mirlash 1974-yilda yakunlandi, maydon esa 3,5 baravar kengaytirildi.

Maydon hududi 12 gektardan ko‘proq. 3,5 metr balandlikdagi tabiiy farq me’morlarni maydonni 2 qavatli qilib loyihalashtirishga undadi. Maydonning ikkala tomonida nafaqat shaharning, balki butun mamlakatning asosiy binolari va muassasalari joylashgan. Chap tomonda ma’muriy bino - Senat, Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat muassasalari qad rostlagan. Ikki qism asta-sekin tekislanib, maydonning shimoliy qismidagi parkga birlashadi. Ushbu kichik bog‘da Prezident Islom Karimovning farmoni bilan yaratilgan Xotira va Shon-sharaf xiyobonlari mavjud. Xiyobon granit yo‘laklar bilan o‘ralgan va an’anaviy o‘yilgan ustunlar bilan bezatilgan. Bu “Xotira kitobi” bo‘lib, uning sahifalarida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba uchun jonini fido qilgan o‘zbek jangchilarining ismlari oltin harflar bilan yozilgan. 1941-yilda Germaniya tinchlik shartnomasini buzib, Sovet Ittifoqiga hujum qilish uchun chegarani kesib o‘tdi. Toshkent bu chegaralardan uzoqda, front chizig‘idagi shahar bo‘lmasada, bu yerda ham umumiy safarbarlik e’lon qilingan. O‘zbekistondan 15 ta diviziya va brigada yig‘ilib, frontga jo‘natilgan. Umuman olganda, respublikaning qariyb 1,5 million fuqarosi frontga ketgan, o‘sha paytda respublikada atigi 6,551 million kishi yashagan va frontga taxminan aholining to‘rtdan bir qismi ketgan. Fashizmga qarshi kurashda 538 mingdan ortiq o‘zbeklar o‘z hayotlarini qurbon qildilar, 640 ming kishi nogiron bo‘lib qoldi, 158 ming kishi esa bedarak yo‘qoldi. 301 kishiga “Sovet Ittifoqi qahramoni” unvoni berilgan, 70 nafar jangchi esa 3-darajali “Shon-sharaf” medali bilan taqdirlangan. Front ortidagi shahar sifatida Toshkent g‘alabaga katta hissa qo‘shgan. Bu yerga 150 dan ortiq sanoat korxonalari zudlik bilan evakuatsiya qilindi, ular 1942-yilga kelib to‘liq quvvatda frontni harbiy texnika, o‘q-dorilar va qurollar bilan bilan ta’minladilar.

Xiyobon oxirida mangu olov yonadi va uning yonida “Motamsaro ona” yodgorligi bor. “Minglab yurtdoshlarimiz, boshqa xalqlar vakillari bilan birga, bu dahshatli urushda haqiqiy qahramonlikni namoyon etdilar. Ularning buyuk jasoratlari yillar davomida barchamiz uchun jasorat maktabi, g‘urur manbayi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi”, - degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev. “Biz ulardan hozirgi tinch va erkin hayotimiz, farzandlarimizning baxt-saodati va farovonligi uchun chuqur minnatdormiz. Ushbu yaqinlarimizni hurmat qilish va ularga g‘amxo‘rlik qilish, ularning sog‘lig‘i, baxt-saodati va munosib turmushi uchun barcha sharoitlarni yaratish, har birimizning, ayniqsa, barcha darajadagi rahbarlarning muqaddas burchidir”, - deya ta’kidladi davlatimiz rahbari 9-may - Xotira va qadrlash kuni bayram tadbirida.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring