Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm 2020” 26-Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi doirasidagi Onlayn forum matbuot anjumani bo'lib o'tdi

06.11.2020 1074

Bugun, 6-noyabr soat 11:00 da "Taraqqiyot strategiyasi" markazida "Ipak yo‘lida turizm 2020" 26-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida birinchi Online forumga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi 1995 yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon sayyohlik tashkiloti (UNVTO) rasmiy qo‘llab-quvvatlash ostida o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbirning maqsadi - tajriba almashish, muloqot o‘rnatish va Ipak yo‘lining madaniy-tarixiy va tabiiy merosini targ‘ib qilish hamda rivojlantirish yo‘lidagi birgalikdagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, istiqboldagi rejalarni muhokama qilish va hamkorlikni rivojlantirish uchun platforma yaratish.

Matbuot anjumanini O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisining o'rinbosari - A'zamov Ulug'bek Ahmadovich ochdi.

«Sayohatlarga qo‘yilgan cheklovlar, ushbu sektordagi xizmatlarga bo‘lgan talab hamda daromadlarning pasayishi va ko‘plab ish o‘rinlarning qisqarishiga olib keldi.

Shunga qaramay, bugungidek murakkab bir davrda davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev turizm sohasiga katta eʼtibor qaratmoqdalar, misli ko‘rilmagan farmon va qarorlar imzolandi, sohani qo‘llab-quvvatlash uchun barcha zarur choralar ko‘rildi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, bu yil ko‘plab xalqaro turistik ko‘rgazmalar tashkilotchilari, jumladan, Berlinda - Internationale Tourismus-Börse Berlin (ITB), Parijda - Salon mondial du tourisme (SMT) va boshqa qator yarmarkalar hamda rejalashtirilgan tadbirlarni bekor qilishdi yoki sanani nomaʼlum muddatga uzaytirishdi.

O‘z navbatida, xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida biz bu yil Toshkent xalqaro turistik yarmarkasini онлайн forum formatida o‘tkazishga qaror qildik», – dedi.

Matbuot anjumanida "Milliy PR-markaz" DUK directori Dilfuza Samandarova, Turizm sohasida rejalashtirish va inson resurslarini rivojlantirish masalalari bo’yicha departament boshlig'i Shuxrat Isakulov  , Axborot siyosati bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisining maslahatchisi - Lola Raxmanbaeva   qatnashdi.

Tadbir 2020 yil 11-13 noyabr kunlari o‘tkaziladi va TXTY tarixida bunday formatdagi birinchi yirik xalqaro tadbir bo‘ladi. Anʼanaga ko‘ra, tadbir tashkilotchisi - O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.Onlayn forumni o‘tkazish uchun maxsus TXTY 2020 rasmiy sayti (www.uzbekistan.travel/titf-online/) ishlab chiqilib, unda Zoom platformasida o‘tkazilgan barcha konferensiyalar onlayn translyatsiya qilinadi. Barcha manfaatdor shaxslar veb-saytda oldindan ro‘yxatdan o‘tgan holda sessiyalarda bevosita ishtirok etishlari yoki bu yerda konferensiyalarni real vaqt rejimida ko‘rishlari mumkin. Konferensiyalar yozuvlari saqlanib qolinadi va tadbirdan keyin ularni ko‘rish imkoniyati bo‘ladi.

Onlayn forum davomida 6 sessiya tashkil etilib, unda Singapur, Rossiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislari ishtirok etishadi. Forum spikerlari ishtirokchilar bilan o‘zlarining “COVID-19” pandemiyasi davrida turizm sohasini qanday yaxshilash, inqirozga qarshi yechimlarni topish, xavfsiz sayohatni taʼminlash va xalqaro bozorga chiqishga doir qarashlari bilan bo‘lishadi.

Bundan tashqari, TXTY-2020 doirasida quyidagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi:

- O‘zbekiston Respublikasi va Belorusiya Respublikasi o‘rtasida birinchi sayyohlik forumi;

- Xususiy turistik tashkilotlar assotsiatsiyasi tomonidan poytaxtdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida tashkil etilgan bir qator o‘quv seminarlari;

- Fransiya mutaxassislari tomonidan Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti uchun tayyorlangan “OUTDOOR: Tajriba. Usullar. Trendlar"deb nomlangan vebinari.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing