Foto va Video

Amir Temur nomli xiyobon

4935

1994-yil 31-avgustda, O‘zbekiston mustaqilligining 3 yilligi arafasida xiyobon "Amir Temur xiyoboni" deb nomlandi va uning markazida chavandozning bronza haykali ochildi. Uning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov nutq so‘zlab, jumladan, shunday dedi: "Uzoq yillar davomida mustamlakachilik zulmida bo‘lgan xalqimiz buyuk vatandoshini ulug‘lash va uning tarixiy xizmatlariga hurmat bajo keltirish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan edi".

Haykaltaroshlar Kamol va Ilhom Jabborovlar hukmdorni shohona harbiy kiyim kiygan va ot mingan holda tasvirlashdi, chunki u umrining ko‘p qismini harbiy yurishlarda o‘tkazgandi. Uning qo‘lida qurol yo‘q, u bu yerda hukmdor, davlat arbobi sifatida tasvirlangan. Yodgorlikka to‘rt tilda Amir Temurning shiori: "Kuch adolatdadir" yozib qo‘yilgan.

Taniqli davlat arbobi, sarkarda Amir Temur Shahrisabzdan unchalik uzoq bo‘lmagan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan. U barlos urug‘iga mansub Tarag‘ayning o‘g‘li bo‘lgan. Temur yoshligidan turli urushlarda qatnashgan, boshqaruv tizimini o‘rganib borgan. U ulkan davlatni yaratib, 30 yildan ortiq davr mobaynida buyuk imperiyani boshqargan.

Amir Temur Movarounnahrda parchalanishlarga barham bergan markazlashgan davlatni barpo etib, mo‘g‘ullarning uzoq muddatli hukmronligi ta’sirida vayron bo‘lgan mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlarni yaratdi. Amir Temurning siyosiy kuchi va sobitqadam faoliyati tufayli davlat, ijtimoiy va harbiy boshqaruv tizimlari tiklandi va takomillashtirildi.

Uning hukmronlik davri jahon miqyosida noyob hodisaga aylangan me’morchilik, shaharsozlik, adabiyot, tasviriy va amaliy san’atning yorqin yuksalishi bilan izohlanadi.

Temuriylar sulolasining hayoti va faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumotni xiyobon yonida joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyida olish mumkin.

Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996-yil 18-oktyabrda Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrining markazida ochildi. Mashhur me’morchilik yodgorliklari uslubidagi gumbazli g‘ayrioddiy inshoot darhol ko‘zga tashlanadi va diqqatni o‘ziga tortadi.

Onlayn sayohat

 

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring