Foto va Video

Andijonda “Dunyo sadolari” xalqaro estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tdi

21.07.2023 409

Joriy yilning 19-iyul kuni Andijon viloyatining so‘lim Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida so‘z olgan Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali bilan barchani qutladi:

“Keyingi yillarda Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonlaridan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, milliy madaniyatimizni jahon miqyosida keng targ‘ib etish, iste’dodli yoshlarni kashf qilish, zamonaviy estrada qo‘shiqchilik san’atini ommalashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu borada ayrim misollarni keltirib o‘tsak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi.

Milliy estrada san’atimiz asoschilaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qo‘shiqchilari tanlovi yo‘lga qo‘yilgani, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etilgani, san’atkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqlar miqdori kamaytirilgani, yangi estrada asarlari yaratish uchun kompozitor va bastakorlar davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgani islohotlarning yangi davridagi muhim yangiliklardandir.

Mana shunday keng imkoniyatlar natijasida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida estrada san’atiga qiziqish kuchayib, yangi-yangi ijodiy jamoalar va xonandalar yuzaga chiqmoqda.

Ular nufuzli xalqaro festival va tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, o‘zbek milliy estrada san’atini jahonga tanitish, uni targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Kelgusida ham bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Shu o‘rinda muhim bir xushxabarni aytib o‘tsam. Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan iste’dodli yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti ta’sis etiladigan bo‘ldi.

Joriy yildan boshlab ushbu festival har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

Bu galgi san’at anjumani doirasida estrada ijrochiligi bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilgani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning pavilyonlari tashkil qilingani, ularda ijodiy jamoalar o‘z chiqishlarini namoyish etayotgani festival qamrovini yaqqol aks ettiradi.

Ushbu festival sizlarga yaxshi kayfiyat, ijodkorlarga esa yangi ilhom baxsh etadi, deb ishonaman”.

Ochilish marosimi maxsus badiiy dastur asosida dunyo estrada yulduzlarining chiqishlari bilan davom etdi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing