O‘zbekistonda bahor aslida fevral oyining oxirida boshlanadi. Bu mevali daraxtlar gullay boshlagan, ilk maysalar paydo bo‘ladigan, aholi bog‘dorchilik, ko‘chatlar va gullar ekish bilan faol shug‘ullanadigan vaqt. Bahorning birinchi oylarida havo harorati +20 darajagacha qiziydi. Ba’zan yomg‘ir yog‘ib, kuchli shamol esadi, lekin umuman olganda, bahor - ekskursiyalar, me’moriy diqqatga sazovor joylar bo‘ylab faol sayohat qilish, tabiat qo‘yniga sayr qilish va kemping uchun qulay vaqt. 21-martda Navro‘z bayrami - bahor boshlanishi va bahorgi tengkunlik kuni nishonlanadi. Bayramga tayyorgarlik ancha oldindan boshlanadi.
Navro‘z bayramida milliy noz-ne’mat - sumalak tayyorlanadi, odatda ayollar sumalak kavlash jarayonida navbatma-navbat ishtirok etadilar, chunki taom kun davomida pishiriladi va uni katta qozonda muntazam aralashtirib turishni talab qiladi. Sumalak pishirish juda qiziqarli va ajoyib marosim bo‘lib, bu vaqtda ular milliy qo‘shiqlar kuylashadi, raqsga tushishadi, laparlar aytishadi.
Navro‘z bayramida turli milliy bayramlar, ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar o‘tkaziladi. Bu davrda sharqona yarmarkalarni ko‘rishingiz mumkin, ularda dorbozlar, sozandalar, raqqosalar, xalq baxshilari chiqish qiladi. Ushbu bayramda maydonlarni ziyorat qilish, xalq sayillarida qatnashish, bir-birini yo‘qlash, bahoriy taomlar bilan siylash odat tusiga kiradi. Bu faqatgina sumalak emas. Navro‘zda halim, to‘g‘rama palov, ko‘k somsa, qo‘y go‘shti, sho‘rva, turli shirinliklar, pishiriqlar kabi taomlarni tayyorlash ham odat tusiga kiradi.
Xuddi shu taomlarni choyxonada ham tatib ko‘rish mumkin. Har bir mahallada choyxona bor, bu yerda har qanday mehmonga bayram dasturxoni yoziladi, dasturxon kelayotgan yil to‘kin-sochin va barakali bo‘lishi uchun undirilgan bug‘doy maysalari bilan bezatiladi. Navro‘z nafaqat tabiat, balki boy madaniy hayot ham uyg‘onadigan, qadimiy marosimlar qayta tiklanadigan ajoyib davrdir, bunda har bir kishi yangi hayot boshlanishidan baxtiyor bo‘ladi.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh