Belbog‘li kurash sport turi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi

2543


T

arixi uch ming yildan ziyod bo‘lgan milliy sport turimiz – belbog‘li kurash bugun dunyo bo‘ylab tobora quloch yoymoqda.

Asrlar osha o‘zida mardlik, halollik, jasurlik, vatanparvarlik kabi fazilatlarni jamlagan ushbu sport turi 2017-yil Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tgan yopiq inshootlardagi va jangovor sanʼatlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik polvonlar terma jamoamizga eng ko‘p medallarni taqdim etdilar. Rossiyada o‘tgan Butunjahon Universiadasida ham belbog‘li kurashchilarimiz eng ko‘p medallarni to‘plashga muvaffaq bo‘lishdi. Qisqacha aytganda, har yili o‘tadigan yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlari, xalqaro turnirlarda polvonlarimiz umumjamoa hisobida faqat kuchli uchlikdan joy olib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelishmoqda.

Milliy sport turimiz bo‘lgan belbog‘li kurashni dunyo bo‘ylab keng miqyosda rivojlantirish maqsadida joriy yilning 27 sentabrda Litva davlatining Vilnyus shahrida Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) tashkil etildi va rasman Yevropa Ittifoqidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mazkur assotsiatsiyaga o‘zbekistonlik hamyurtimiz Azizbek Abduxalilovich G‘aniyev prezident etib saylandi. Bu esa, ochig‘i, belbog‘li kurashga bo‘lgan eʼtiborni yana-da kuchaytirdi. Boisi, assotsiatsiya tashkil etilgandan keyin oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan, aniqrog‘i, 7-10 oktyabr kunlari aynan Azizbek Abduxalilovich G‘aniyevning tashabbusi va homiyligida tarixda ilk bor Ukraina davlatining Lvov shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Yevropa chempionati o‘tkazildi. Yuqori saviyada o‘tkazilgan mazkur Yevropa chempionatida 100 nafarga yaqin polvonlar 65 kg, + 65, 90, +90 kg vazn toifalarida bellashishdi.

Ushbu nufuzli chempionatda yana bir eng ahamiyatli tomoni, bellashuvlarni boshqarib borgan barcha hakamlar belbog‘li kurashda qo‘llaniladigan atamalarni o‘zimizning sof o‘zbek tilimizda talqin etishi bo‘ldi. Har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.

Shuningdek, Ukrainaning Lvov shahrida belbog‘li kurashi bo‘yicha ham jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu jahon chempionatida to‘rt nafar sportchilarimiz ham munosib ishtirok etishdi. 16 ta davlatdan 200 nafarga yaqin atletlar ishtirok etgan ushbu jahon chempionatining klassik va erkin yo‘nalishlarida ishtirok etgan polvonlarimizdan +90 kg. da Rustam Umarov (Namangan v.) oltin medal, 90 kg. da Muzaffar Soibboyev (Namangan v.), +90 kg. da Latifjon Badalov (Namangan v.) hamda +65 kg. da Sahobat Sheraliyeva (Farg‘ona v.)lar bronza medallariga ega chiqishdi.

Shu o‘rinda taʼkidlashni joizki, ushbu chempionat Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasining bevosita ko‘magi ostida o‘tkazildi. Yevropa chempionati doirasida Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasining kongressi ham bo‘lib o‘tdi. Kongressda Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid axborotlar tinglandi, tashkiliy masalalar hamda ijroqo‘m safini ko‘paytirish, Osiyo va Pan-Amerika belbog‘i kurash federatsiyalarini ochish xususida ham kelishib olindi.

Bu kelishuv esa o‘z-o‘zidan milliy belbog‘li kurashimizning dunyo bo‘ylab yanayam keng ommalashayotganidan darak beradi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, tarix-o‘tmishi uch ming yillikdan ortiq bo‘lgan va ota-bobolarimizdan bizgacha asrab-avaylanib yetib kelgan, halollik, mardlik, jasurlik va vatanparvarlik tuyg‘ulari mujassam bo‘lgan, milliy sport turimiz – belbog‘li kurashni yer kurrasi bo‘ylab ommalashtirish, aynan belbog‘li kurash orqali yurtimiz shaʼni va shuhratini jahon sport ayvonlarida tarannum etish, qolaversa, olimpiya o‘yinlari tarkibiga belbog‘li kurash sport turini kiritish Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasining (JBKA) bosh maqsadlaridan sanaladi. Buning uchun JBKA tomonidan uzoq yillik puxta va aniq istiqbolli dastur-rejalar ishlab chiqilmoqda.

Joriy yilning 24-27 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun ilk bor belbog‘li kurash bo‘yicha 2001-2003 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.

Jizzax shahrida joylashgan “Sug‘diyona” sport majmuasi mezbonlik qiladigan jahon chempionatida Rossiya, Ozarbayjon, Belorus, Latviya, Litva, Moldova, Ruminiya, Italiya kabi dunyoning 30 ga yaqin mamlakatlaridan 300 dan ortiq eng sara polvonlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi qabul qilindi.

Ushbu jahon chempionati O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi (JBKA), O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, Jizzax viloyati prokuraturasi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar ko‘magida o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Jizzax shahridagi “Sug‘diyona” sport majmuasi mezbonlik qiladigan ushbu jahon chempionatida belbog‘li kurash qoidalariga ko‘ra, belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishlarida o‘g‘il bolalar 57, 62, 68, 75, 82, 90, 100, +100 kg. vazn toifalarida kuch sinashsa, qizlar 48, 52, 58, 66, 76, +76 kg. vaznlarda g‘oliblik uchun bahs olib borishadi.

Musobaqada o‘z vazn toifalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan polvonlar 10 million so‘m, 2-o‘rin sohiblari 7 million so‘m hamda 3-o‘ringa sazovor bo‘lgan polvonlar esa 5 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari bilan ham taqdirlanadi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring