Foto va Video

Poytaxtimizda “Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi-2022” filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi

01.03.2023 625

Joriy yilning 1-mart kuni Toshkent shahridagi “Yulduz Cinema” kinoteatrida “Ipak yo‘lida turizm – Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi-2022” hujjatli filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu film Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan suratga olingan bo‘lib, xorijiy mamlakatlar uchun qulay va mukammal turizm bozoriga aylanib ulgurgan yarmarkaning mamlakatimizda turizm va xususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi tutgan o‘rni keng yoritilgan.

Film premyerasida turizm sohasi vakillari: Madaniyat va turizm vazirligi, davlat idoralari va tashkilotlari, xorijiy mamlakatlar, xususan, Turkmaniston, Falastin, Vengriya, Bolgariya, Malayziya kabi davlatlar elchixonalari, shuningdek, mehmonxona, transport logistikasi tashkilotlari, xususiy korxona va tashkilotlar, mamlakat gastronomik turizmi vakillari, tibbiyot va fashion turizm hamda mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.


Filmda TXTYni tashkil etishdagi mashaqqatli va qizg‘in jarayonlar, yorqin lahzalar hamda erishilgan yutuqlar, imzolangan shartnomalar aks ettirilgan.

TXTY 1995-yildan buyon Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) rasmiy ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur yarmarka har yili butun dunyodan turizm biznesi mutaxassislarini sohalari bo‘yicha tajriba almashish, o‘z xizmatlari va mahsulotlarini taqdim etish, shu bilan birga, mamlakatimizda kooperativ tijorat faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish uchun tashkil etib kelinmoqda.


“Ipak yo‘lida turizm – TXTY-2022” hujjatli filmi yarmarkani endilikda yangi darajaga olib chiqish va turizm sanoatida xususiylashtirish va kooperativ faoliyatni rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiyotiga katta foyda keltirish kabi g‘oyalarni ilgari surgan.


“Ipak yo‘lida turizm – TXTY-2023” joriy yilning 15-17-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. TXTY-2023 yarmarkasini keng ko‘lamli va global darajada tashkil etish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan bo‘lib, har galgidek, yurtimiz turizm sohasida xususiy sektor va kooperativ faoliyatni rivojlantirish kabi yangi cho‘qqilarni zabt etish maqsad qilib olingan.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing