2–31-oktyabr kunlari Buxoro Fransiya madaniyati oyligi o‘tkaziladigan maskanga aylanadi. Tadbirlar O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Bir oy davomida shahar aholisi va mehmonlari klassik musiqa konsertlari, raqs tomoshalari, san’at ko‘rgazmasi, fransuz kinosi festivali hamda zamonaviy raqamli san’at loyihalariga tashrif buyurishlari mumkin.
Tadbirlar Buxoroning tarixiy maskanlari, jumladan, Ark maydoni, Poyi Kalon maydoni, Sitorai Mohi Xosa saroyi va Ko‘kaldosh madrasasida o‘tkaziladi.
Dasturning alohida qismi madaniy merosni asrash, o‘rganish va restavratsiya qilish masalalariga bag‘ishlanadi. Fransiya va O‘zbekiston mutaxassislari universitetlar, madaniyat muassasalari va Buxoroning tarixiy obidalarida ma’ruzalar, ishchi uchrashuvlar hamda amaliy tajriba almashinuvlar o‘tkazadilar.
Dastur
2-oktyabr
Fransiyalik pianinochi Kristina Fonlyuptning talabalar va yosh musiqachilar uchun mahorat darsi.
Manzil: Buxoro davlat universiteti.
Vaqt: 16:00.
3-oktyabr
Diana Xamzinaning “Provans va impressionizm nuri ostida” ko‘rgazmasining ochilishi. Ko‘rgazma 31- oktyabrgacha davom etadi.
Manzil: Sitorai Mohi Xosa saroyi, haram binosi.
Beau Geste raqs truppasining “G‘ayrioddiy harakatlar” xoreografik spektakli.
Manzil: Ark maydoni.
Vaqt: 16:00.
Kristina Fonlyuptning fortepiano konserti. Dasturdan Kuperen, Shopen, Frank, Debyussi, Mel Bonis va Fazil Say asarlari o‘rin olgan.
Manzil: Poyi Kalon maydoni.
Vaqt: 19:00.
4-oktyabr
Beau Geste raqs truppasining “G‘ayrioddiy harakatlar” spektaklining ikkinchi namoyishi.
Manzil: Ark maydoni.
Vaqti qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.
5–9-oktyabr
Fransiya va O‘zbekiston mutaxassislari ishtirokida madaniy merosni asrash, o‘rganish va restavratsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar, ishchi uchrashuvlar va amaliy tajriba almashinuvlari.
Manzil: universitetlar, madaniyat muassasalari va Buxoroning tarixiy obidalari.
12–17-oktyabr
Fransuz kinosi festivali. Dastur doirasida oltita fransuz filmi namoyish etiladi.
Manzil: Buxoro davlat pedagogika institutining ochiq maydoni.
23–25-oktyabr
Painting Mirror raqamli san’at loyihasi. Maksim Turut va Remi Dyupanlup fransuz rangtasviri, grafika, strit-art va sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘zida mujassam etgan devor proyeksiyalarini namoyish etadilar.
Manzil: Buxoroning tarixiy markazi.
24-oktyabr
Fransiyalik klarnetchi Kristof Dravers va pianinochi Paskal Romano ishtirokidagi konsert.
Manzil: Ko‘kaldosh madrasasi.
Fransiya madaniyati oyligi musiqa, raqs, kino, tasviriy san’at va zamonaviy raqamli texnologiyalarni bir dasturga birlashtirib, oktyabr oyi davomida Buxoroning tarixiy maskanlarida o‘tkaziladi.
Izoh