Buxoroda oltin kashtachilik va zargarlik san’ati xalqaro festivali o‘tkaziladi.

25.10.2021 1425

2022-yildan boshlab har 2 yilda Buxoroda oltin kashtachilik va zargarlik san’ati xalqaro festivali o‘tkaziladi. Bu haqda 2021-yilning aprelida respublika prezidentining qarori, shu yilning oktyabrida esa Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori imzolandi.

Xalqaro festival doirasida tanlovlar, taqdimotlar va ko‘rgazmalar, teatrlashtirilgan konsert va ko‘ngilochar dasturlar, madaniy -ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

2022-yilda festival 21-25-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Festival doirasida Buxoroda “An’anaviy oltin kashtachilik va zargarlik san’atining rivojlanish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya, har yili zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar va “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoati mahsulotlarining poytaxtimizda xorijiy mamlakatlar zargarlik sanoati vakillari, xorijiy investorlar, ekspert va mutaxassislarni jalb etgan holda O‘zbekiston zargarlik buyumlari yarmarkasi xalqaro ko‘rgazmasi va savdosi o‘tkaziladi.

Festival maqsadlari:

- zardo‘zlik va zargarlik san’ati rivojiga katta hissa qo‘shayotgan, faoliyat olib borayotgan tajribali va iste’dodli hunarmandlarni aniqlash, ularning noyob va yo‘qolib borayotgan namunalarini asrab-avaylash va tiklash;

-oltin kashtachilik va zargarlik biznesini jadal rivojlantirish, ilg‘or tajribani ommalashtirish, yoshlarni o‘qitish va hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish;

- milliy brend sifatida xalqaro miqyosda mahalliy oltin kashtachilik va zargarlik buyumlari namunalarini targ‘ib qilish, xalqimizning milliy madaniyati an’analarini namoyish etish orqali sayyohlarni jalb qilish;

-har bir mintaqadagi hunarmandchilik maktablarining tarixi, turmush tarzi va an’analarini aks ettiruvchi oltin kashtado‘zlik va zargarlik biznesi namunalarining keng taqdimotlarini, hunarmandlar shaharchalari modellarining ko‘rgazmalarini o‘tkazish;

-xalq sayillari, folklor ansambllari va dorbozlar, askiyachi va hajviyachi jamoalarning teatrlashtirilgan tomoshalari, san’atkorlarning konsert dasturlari, mohir hunarmandlarning kasb mahorati darslari, san’atkorlar xiyobonlari, ekskursiya marshrutlarini tashkil etish.

Festivalni tashkil etish Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Turizm va sport ishlari vazirligi, “Xunarmand” respublika birlashmasi va “O‘zbekzargarsanoat” uyushmasiga yuklatilgan.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing