Oʻzbekiston tarix, madaniyat va zamonaviylik uygʻunlashgan, betakror sayohat tajribasini taqdim etuvchi mamlakat sifatida jahon turizm maydoniga ishonch bilan chiqib bormoqda. Dunyoning eng nufuzli televideniye brendlaridan biri — CNN oʻzining “Inside” rukni doirasida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida hikoya qiladi. Bu maskan bugungi kunda sayyohlar marshrutida majburiy manzilga aylanib bormoqda.
CNN’ning Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo, Shimoliy va Lotin Amerikadagi barcha xalqaro platformalari tomoshabinlari 30 daqiqalik dastur orqali Islom sivilizatsiyasi markazini — Oʻzbekistonning boy intellektual va badiiy merosi kelajak imkoniyatlari bilan uyg‘unlashgan maskan sifatida ko‘radilar. Ko‘rsatuvda ta’kidlanishicha, bu yerda qadimiy qo‘lyozmalar, yurtimizga qaytarilgan tarixiy yodgorliklar ehtiyotkorlik bilan saqlanmoqda va zamonaviy texnologiyalar yordamida tarix qayta jonlanmoqda.
Shuningdek, CNN Islom sivilizatsiyasi markazi haqida 60 soniyalik qisqa videoroliklarni ham namoyish etadi. Ushbu roliklar kuniga 4 marotaba efirga uzatiladi.
Bunday xalqaro namoyish formati Oʻzbekiston haqida shunchaki ma’lumot berib qolmay, balki sayohatga ilhomlantiradi, mamlakatning turistik jozibadorligini yanada oshiradi va uni madaniy hamda ma’rifiy turizm uchun eng qiziqarli yoʻnalishlardan biri sifatida mustahkamlaydi.
Izoh